Andijonda “Talaba yugur”, “Eco Save Aral” hamda “Silk Road Andijan” xalqaro ommaviy yugurish musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Aholining salomatligini mustahkamlash, sport va sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini targ‘ib qilishga qaratilgan mazkur sport tadbirlarida 12 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 10 ming nafarga yaqin sportchi hamda ko‘ngillilar ishtirok etdi.
– Sog‘lom inson jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shadi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov. – Shu ma’noda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz salomatligini mustahkamlash, ularning ruhiyati, shijoatini ko‘tarish maqsadida yuqori ko‘tarinkilik va uyushqoqlik bilan o‘tgan “Eco Save Aral” musobaqasida 2 ming 500 nafar, “Talaba yugur” musobaqasida 3 ming 500 nafar fuqaro va talabalar qatnashib, salomatliklarini yanada mustahkamladi, o‘zlarining jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-26496]
Turli masofalarga yugurish musobaqalarida viloyat boshqarmalari, tashkilot va korxonalar, sog‘liqni saqlash, ta’lim muassasalari vakillari faol ishtirok etdi. Ayniqsa, talabalar ishtirokidagi “Talaba yugur” musobaqasi qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
– Ushbu musobaqalar talabalar uchun haqiqiy sport bayramiga, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish maydoniga aylandi, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti jismoniy madaniyat fakulteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Dilshoda Usmonova. – “Talaba yugur” musobaqasining 3 kilometrga yugurish yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Eng asosiysi musobaqalarda qatnashgan yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi, salomatligi, ruhiyati yanada mustahkamlandi.
Turli masofalarga o‘tkazilgan “Silk Road Andijan” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasida esa 4 ming nafarga yaqin kishi ishtirok qatnashdi.
“Silk Road Andijan” xalqaro ommaviy yugurish musobaqasining 21 kilometr masofali yo‘nalishida nafaqat andijonlik, balki qo‘shni viloyatlar, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan sportchilar ham ishtirok etdi.
Yakunda barcha musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng keksa ishtirokchi”, “Eng faol ishtirokchi” singari qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari