Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 iyundagi "Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyati, qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Andijon viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi hamda viloyat adliya boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yig‘ilishda tuman, shahar, tarmoq va xususiy gazetalar muharrirlari, teleradiokompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
– Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ommaviy axborot vositalari, jurnalistika sohasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i Zohidjon Tojiboyev. – Ayniqsa, bugungi kunda og‘ir iqtisodiy holatni boshidan o‘tkazayotgan bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Andijon viloyatida ham OAV faoliyatini rivojlantirishga e’tibor kuchayadi.
Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarga mazkur qarorning mazmun-mohiyati to‘g‘risida keng ma’lumotlar berildi. Qatnashchilar qaror yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
Yig‘ilish yakunida Andijon viloyatida faoliyat olib borayotgan bir guruh jurnalistlarga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari topshirildi.
[gallery-8004]
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA