Ayni kunlarda Andijon viloyatining ko‘plab hududlarida qalin tuman tushib, transport vositalarining harakatlanishida jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, kech 16. 00 dan ertalab 9.00 gacha bo‘lgan vaqtlarda ayrim hududlarda tuman qalinligi tufayli transport vositalarining harakatlanishi qiyin kechmoqda.
Ana shundan kelib chiqib, viloyat IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan zarur ishlar, shuningdek, keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

– Transport vositalari tirband bo‘ladigan katta chorrahalar, yo‘nalishlarda doimiy navbatchiliklar tashkil etilib, harakatlar tartibga solinmoqda, – deydi viloyat YHXB katta mutaxassisi Abdumajid Raimjonov. – Shuningdek, shahar ichi va tuman yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar, jamoat transporti haydovchilari ishtirokida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

Andijon shahridagi “Alpomish merosi” MCHJ rahbariyati, haydovchilari hamda Avtoshohbekatda viloyatlararo, tumanlararo yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar ishtirokidagi uchrashuvda ham yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘lovchilar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish, tezlik rejimini buzmaslik, charchoq holatida transport vositasini boshqarmaslik kabi muhim masalalar yuzasidan keng tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan noqulay ob-havo, tuman sharoitida transport vositalarini boshqarish bo‘yicha haydovchilar amal qilishi zarur bo‘lgan ko‘rsatma va tavsiyalar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilmoqda.
F. Ubaydullayev, O‘zA