Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda Navro‘z shukuhi
10:24 / 2022-03-21

Andijonda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi! deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari, Dehqon bobo, Navro‘zoy va milliy libosdagi jarchilar barchani Navro‘zi olam bilan muborakbod etib, bayram shodiyonalariga chorladi.

Bayram shodiyonalari o‘tkazilgan Andijon shahridagi Olimpiya zaxiralari sport kolleji yopiq manejining kirish qismida namoyish etilgan hunarmandchilik mahsulotlari, milliy liboslar, shuningdek, milliy va bahoriy taomlar ko‘rgazmalari yurtimizdagi to‘kinlik, fayzu barakaning nishonasi bo‘ldi.

Ayniqsa, Yunusali G‘oziyev rahbarligidagi “Andijon samosi” dorbozlar jamoasining tomoshalari, sportchilar, jajji bolajonlarning ko‘rgazmali chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Viloyatning tuman va shaharlari, boshqarma, korxona va tashkilotlari, muassasa va mahallalari vakillari, mehnat faxriylari ishtirokidagi bayram tadbiri yurtimiz madhiyasi ijrosi bilan boshlandi.

Bayram tadbirini Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov  tabrik so‘zi bilan ochdi. Barchani xalqimizning qadim va navqiron bayrami – Naro‘zi olam bilan muborakbod etdi.

– Ona Vatanni sevish va ardoqlash, hayot gultoji bo‘lmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu g‘oyalarni o‘zida mujassam etgan Navro‘z xalqimizning eng qadimiy bayramidir, - dedi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navro‘z mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Shuning uchun ham ushbu qutlug‘ ayyomni har bir xonadon, har bir oila katta orzu-niyatlar bilan kutib olmoqda.

Darhaqiqat, joriy yilda Navro‘z bayramini andijonliklar ham o‘ziga xos yutuqlar bilan kutib oldi. Birgina Navro‘z bayrami kunlari viloyat bo‘yicha 44 ta ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari foydalanishga topshirildi. Natijada ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Navro‘zi olam bayram tadbiri barchaga xush kayfiyat ulashdi. Bahoriy taomlar, milliy va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, teatr jamoalari, turli ansambllar, dorbozlar, askiyachilar, jajji bolajonlarning chiqishlari bayram tantanalariga o‘zgacha fayz kiritdi.

–  Navro‘z shodiyonalarida milliy qadriyat va an’analarimiz tarannum etilmoqda, – deydi Shahrixon tumanidagi 53-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Qahramoni Kamoliddin G‘opirov. – Xalq o‘yinlari, folklor san’atining eng yaxshi namunalari, sho‘x qo‘shiq va laparlar bahorni, Navro‘zni sog‘ingan dillarga xushnudlik baxsh etmoqda.

Navro‘z bayrami sahnasida namoyish etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinkilik va xush kayfiyat ulashdi.

– Tobora yuksalib, obod bo‘lib borayotgan yurtimizga faqat bayramlar yarashadi, – deydi mehnat fahrisi Manzuraxon Egamova. – bugungi bayramda men kabi ko‘plab faxriylar ishtirok etmoqda. Ochig‘i, bayramda qiziqchi va  san’atkorlarning chiqishlaridan miriqib dam oldik. Tinch va farovon hayotimizga aslo ko‘z tegmasin.

Bayram shodiyonalarida viloyatda yashayotgan qirg‘iz, rus, koreys, uyg‘ur va boshqa turli millat vakillari ham o‘z an’ana va urf-odatlari namoyishi bilan ishtirok etdi.

– Uzoq yillar madaniyat sohasida ishlab nafaqaga chiqqanman, - deydi Andijon viloyati Uyg‘ur madaniy markazi rahbari Adolatxon Qo‘ldosheva. - Millatim uyg‘ur bo‘lsa-da, O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sdim, o‘zimni shu yurt farzandi, deb bilaman. Hech qachon o‘zimni shu yurtdan ayro tasavvur qila olmayman. bugungi Navro‘z bayrami tantanalarida ishtirok etayotganimdan behad mamnunman. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning quvonchini ko‘rib, ko‘nglimiz tog‘day ko‘tarildi.

Yuqori ko‘tarinkilik bilan o‘tgan Navro‘z bayrami shodiyonalari andijonliklar qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat, o‘zlikni anglash, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Navro‘z bayrami shodiyonalari Andijonning barcha tuman va shaharlarida, mehnat jamoalari, mahallalarida ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

[gallery-6245]

Faxriddin UBAYDULLAEV, 
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA