Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Andijon shahrining qator hududlarida savdo yarmarkalari tashkil etildi.
Prezidentimizning joriy yil 1 martdagi “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Andijon shahrining 14 ta mahalla guzarida ish boshlagan oziq-ovqat savdo yarmarkalari rastalaridan “Andijongo‘shtsutsavdo”, “Andijonbaliq” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, viloyatdagi agrofirmalar, parrandachilik korxonalari va savdo tashkilotlarining mahsulotlari, shuningdek, fermer xo‘jaliklari hamda dehqonlar tomonidan yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan 40 ga yaqin turdagi meva-sabzavot, oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olgan.
[gallery-11014]
Hamyurtlarimizning bayram dasturxonlari to‘kin bo‘lishini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu savdo yarmarkalari shahar aholisi uchun katta qulaylik yaratmoqda. Qolaversa, savdoga qo‘yilgan mahsulotlar narxi bozordagiga nisbatan arzon. Bundan tashqari, namunali xizmat ko‘rsatilishi, plastik kartalar orqali ham savdolarning yo‘lga qo‘yilganligi ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda.
- Yarmarkadagi mahsulotlarning bozorga nisbatan arzon narxda sotilayotganligidan xursandmiz, - deydi Andijon shahridagi Mash’al mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi To‘lqinjon Siddiqov. – Bunday imkoniyat va yaratilgan qulaylik, ayniqsa, biz keksalarga qo‘l kelmoqda. Navro‘z bayrami yarmarkasining tashkil etilganligi aholi uchun bayram tuhfasi bo‘ldi.
Xalqimiz uchun mehr-oqibat, ezgulik timsoliga aylangan Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkalari aholiga qulaylik yaratish bilan birga, bayram arafasida narx-navoning ortib ketishining oldini olishga xizmat qiladi.
Andijon shahridagi 14 ta hududda, shuningdek, viloyatning barcha tuman, shahar markazlarida tashkil etilgan yarmarkalar 22 martga qadar davom etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA