French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda majburiy mehanatga jalb etish holatlari mavjudmi?
12:33 / 2021-10-30

Andijonda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar olib borilmoqda? Korxona, tashkilot hamda turli mulkchilik shaklidagi xo‘jalik sub’ektlarida ish beruvchi va ishchi-xodimlar o‘rtasida mehnat munosabatlari mavjud tartiblar asosida shakllanganmi? Byudjet tashkilotlari xodimlarining majburiy mehnatga jalb qilish holatlari bormi?

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, bloger hamda ijtimoiy tarmoq faollari uchun tashkil etilgan press-tur doirasida joylarda bo‘linib, ana shu savollarga atroflicha javob olindi.

– Press-turni tashkil etishdan asosiy maqsad, viloyatda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotganligi bilan yaqindan tanishish, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Mavjuda Mirzayeva. – Qolayersa, korxona, tashkilotlar ishchi-xodimlarini majburiy mehnatga jalb etish, noqonuniy ishdan bo‘shatish holatlarining oldini olish, belgilangan kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish borasidagi muammolarni bartaraf etishga keng jamoatchilik e’tiborini qaratishdan iborat.

Press-tur ishtirokchilari dastlab, Izboskan tumanidagi Urganji mahallasida bo‘lib, Bandlik boshqarmasi ko‘magida ajratilgan subsidiya hisobiga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan qator xonadonlarda bo‘ldi.

[gallery-4493]

Urganji mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari Muxtasarxon Ergashevaning ta’kidlashicha, mahalladagi mavjud 469 xonadondan 200 ga yaqinida aholi turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan.

– Oilamiz mahallaning “Temir daftari”ga kiritilgan edi, – deydi Urganji mahallasining Aylana ko‘chasida yashovchi Buoyishaxon Isaqova. – Tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi ko‘magi bilan subsidiya asosida oilamizga 50 dona tovuq berilgan. Ana shu ko‘mak va imkoniyatdan samarali foydalanib, o‘z xonadonimizda parrandachilik bo‘yicha tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Tovuqlarni ko‘paytirdik, bugungi kunga kelib, iste’molimizdan orttirib, har kuni 50-60 ta tuxum sotamiz, doimiy daromadimiz bor.

Ushbu mahallada yashovchi Avazbek Kolonov xonadoniga esa  Bandlik bo‘limi ko‘magi bilan ajratilgan subsidiya hisobidan 2 sotix maydonga issiqxona qurib berilgan. Bu bilan ushbu oila ham doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan.

Asaka tumanidagi "Ixlos mega teks" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan  Bandlik boshqarmasi ko‘magi bilan ajratilgan subsidiyaga 100 ta tikuv mashinasi xarid qilinib, trikotaj sexi tashkil etildi. Natijada ko‘plab ishsiz xotin-qizlar doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Press-tur qatnashchilari korxonada olib borilayotgan ishlar, aholi bandligini ta’minlash, ishchi-xizmatchilarning samarali ishlashi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

– Korxonmizda ayni kunda 60 nafardan ziyod ishchi mehnat qiladi, – deydi "Ixlos mega teks" MCHJ ish yurituvchisi Farruxbek Jo‘rayev. – Asosan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan opa-singillarimizni ishga qabul qilganmiz, ularning barchasi bilan mehnat shartnomasi tuzilgan. Mehnat daftarchalari yuritilib, belgilangan barcha to‘lovlar to‘lab borilmoqda.

Eng asosiysi, ularning samarali ishlashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Belgilangan vaqt davomida ishlashadi, ortiqcha ish talab qilinmaydi. Har bir ishchining bajargan ishiga qarab, ish haqi to‘lanmoqda.

Saboxon Mamajonova Asaka tumani ko‘zi ojizlar jamiyati raisi vazifasida ishlar edi.  Jamiyatning yuqori tashkiloti tomonidan u ishdan bo‘shatilgan. U noxaq ishdan bo‘shatilganligi yuzasidan Bandlik bosh boshqarmasi murojaat qilgan. Bandik bo‘limi aralashuvi bilan fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi. Boshqarma mutaxassislari masalani o‘rganib, S. Mamajonovani o‘z vazifasiga tiklash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritdi. Sudda da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, S. Mamajonova ishdan asossiz bo‘shatilgan deb topildi va uni o‘z vazifasiga tiklash bo‘yicha qaror chiqarildi.

Press-tur doirasida ishtirokchilarga viloyatda aholi bandligini ta’minlash borasida viloyat bandlik boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan  amalga oshirilgan yuqoridagi kabi ishlar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Viloyatda majburiy mehnatga jalb etish holatlari qayd etilmaganligi ta’kidlandi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tizimda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil  javob oldi.

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat),

O‘zA