Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda mahallalar ko‘chalari ta’mirlandi
18:51 / 2023-08-01

Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, xususan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, yangilash, yangi podstansiya, elektr tarmog‘i uchun beton ustunlar o‘rnatish, umuman, mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘ldi. Mazkur qaror asosida Andijon viloyatidagi 473 mahallada ichki yo‘llarni, elektr energiyasi, tibbiy gaz, ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga qaratilgan umumiy qiymati 581 milliard so‘mga teng 527 loyiha tanlab olingan.

[gallery-12991]

Qarorga ko‘ra, Andijon viloyatidagi 167 mahalladagi 173 ko‘chada qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, 324 milliard 763 million so‘mlik ishlar bajarildi. Qurilish-ta’mirlash ishlari doirasida jami 594,9 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Jumladan, 469 kilometr masofadagi toshli yo‘llar asfaltlandi, 76,8 kilometr yo‘lga betonli qoplama yotqizildi, 49,1 kilometr masofadagi yo‘llarga shag‘al yotqizildi. Bundan tashqari, viloyat hududidagi 10 ko‘prikda ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.  

Natijada yo‘llar, ko‘priklar holati tubdan yaxshilandi, xizmat ko‘rsatish muddatlari uzaydi. Eng asosiysi, ta’mirlangan ko‘chalar mahallalarga o‘zgacha qiyofa kasb etdi.

– Qarorda belgilangan ishlarning amalga oshirilishi bilan mahallalardagi  yo‘l bilan bog‘liq ko‘plab muammolar ijobiy hal etiladi, – deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Matbuot xizmati rahbari Yulduz Mallaboyeva. – Davlatimiz rahbarining qarori asosida amalga oshirilgan bu ishlar shubhasiz, odamlarimizning o‘z hayotidan, bugunidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga, davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.  

Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan mavjud ichki yo‘llarni ta’mirlash, obodonlashtirish borasidagi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.  

F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA