Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda mahalla tizimi xodimlari kuni keng nishonlandi
11:37 / 2023-03-23

Mamlakatimizda kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga o‘tish jarayoni kechayotgan bugungi kunda mahalla tizimining jamiyatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va roli nihoyatda katta. Mahalla fuqarolik jamiyatining muhim bo‘g‘ini, qolaversa, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish instituti sifatida ham alohida mavqega ega.

Mahalla o‘z faoliyatida odamlarning o‘y-fikrlari, orzu-istaklari va manfaatlarini ifodalaydi. Barcha ishlar ana shu muqaddas maskandan boshlanadi. Mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarni hamjihatlik, uyushqoqlik asosida turmush kechirishlarini ta’minlovchi go‘sha hisoblangan.  

Katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan oqsoqollar, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar mahalladagi barcha ishlarni, marosimu to‘ylarni boshqargan. Mahalla ahliga barcha masalalarda yo‘l-yo‘riq, maslahatlar berganlar. Har bir oilaning tinch-totuvligi, har bir kishining odob-ahloqi, hulqi, yurish-turishi mahalla kattalari tomonidan nazorat qilingan. Shu ma’noda aytish mumkinki, mahalla mazmun va mohiyatiga ko‘ra xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari ulug‘lanadigan o‘ziga xos tarbiya va boshqaruv maskani hisoblanadi.  

[gallery-11114]

Keyingi yillarda yurtimizda mahalla faoliyatining ana shu o‘ziga xos jihatlari va tashkiliy asoslarini takomillashtirish, mahalla tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, aholini aniq maqsad sari yo‘naltirish orqali mahallani ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, nufuzi va vakolatlarini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 22 mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni deb belgilangan.  

Andijon viloyatida ayni paytda 909 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyat olib bormoqda. Mahalla tizimi xodimlari kuni viloyatning tuman va shaharlari, mahallalarida yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlandi.  

Ushbu sana munosabati bilan Andijon shahridagi Islomobod mahallasida bo‘lib o‘tgan tadbir Navro‘z shodiyonalariga ulanib ketdi. Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etib, barchani bayram bilan muborakbod etdi, mahalla faollarining yurt farovonligi yo‘lidagi faoliyatida omad tiladi.  

Tadbirda namunali ish olib borayotgan bir qator mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli hamda yoshlar yetakchilari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.  

Marhamat tumanidagi 48 ta mahalla faollari, mehnat faxriylari ishtirokida “Boboxuroson ota” ziyoratgohida tashkil etilgan tadbirda tizim xodimlarining samarali mehnatlari e’tirof etildi, ehson oshi tarqatildi. Tuman bosh imom-xatibi boshchiligida tadbir ishtirokchilari tomonidan yurtimizga tinchlik-farovonlik, yurtboshimiz va xalqimizga salomatlik, elimiz dasturxoniga to‘kinlik, dehqonchiligimizga qut-baraka tilab, duo qilindi.  

Andijon tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirda mamlakatimizda aholining turmush tarzini yaxshilash, joylardagi mavjud muammolarni ijobiy hal etish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizni bugunidan rozi bo‘lib yashashiga ko‘maklashish va ertangi kuniga ishonchini yanada mustahkamlash davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil islohotlarning muhim bo‘g‘iniga aylanganligi, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etishda mahalla tizimining o‘rni va roli muhim ekanligi alohida ta’kidlandi.  

Tadbirda tizimda ish olib borayotgan faollar, ayniqsa, "Mahalla iftixori" ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan “Mirobod”, “Sultonobod” mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda "Shuhrat" ordeni bilan mukofotlangan Sadda tagi mahallasi hokim yordamchisi A.Abdumannopovning samarali mehnatlari alohida e’tirof etildi.  

Mahalla tizimi xodimlari kuni Baliqchi tumanidagi 66 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ham keng nishonlandi. Bayram tadbirlari “Botir” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi barpo etilgan binosi ochilishi bilan boshlandi. Navro‘zi olam hamda Mahalla kuni munosabati bilan bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzanlarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.  

Xonobod shahridagi 15 ta mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda shahar hokimi Mash’albek Tojiboyev ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etib, namunali ish olib borayotgan bir guruh faollarga sovg‘a-salomlar topshirdi. Bayram doirasida mahalla faollari, nuroniylar uchun bayram dasturxoni yozildi.  

Oltinko‘l tumanidagi tadbirlar doirasida tuman hokimi Muhammadmuso Obidov boshchiligidagi bir guruh mahalla faollari O‘zbekiston Qahromoni, marhum Siyosatxon Abdulayevaning xonadonida bo‘ldi. Uzoq yillar qishloq xo‘jaligi sohasida samarali mehnat qilgan, mahalla ishi uchun hamisha kamarbasta bo‘lgan marhuma Siyosatxon onaning xotirasi, ibratli ishlari yodga olindi. Tumandagi 59 ta mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirokida tadbir Navro‘z shodiyonalariga ulandi, bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzanlarining sunnat to‘yi o‘tkazildi.  

Mahalla tizimi xodimlari kuni viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqori ko‘tarinkilik bilan nishonlandi.  

 

F. UBAYDULLAEV,  

Z. UMRZOQOV (surat),  

O‘zA