Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda kuz mavsumida qancha ko‘chat ekildi?
12:28 / 2025-12-02

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida joriy yil kuz mavsumida 9 million 578 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunlarda ko‘chat ekish ishlari reja asosida olib borilmoqda.

– Umuman, joriy yilda viloyatda 15 million 358 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi mo‘ljallangan, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Hokimxon Maksumov. – Bahor mavsumida 10,9 million tup ko‘chat ekilib, belgilangan reja 114 foizga bajarildi.  

Joriy yilda ekilishi belgilangan ko‘chat va qalamchalar umumiy hajmda bir necha yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan. Jumladan, 1 million 509 ming tupi fermer xo‘jaliklari hamda paxtachilik-g‘allachilik klasterlari dalalari chetlariga, 3 million 825 ming tupi bog‘, tokzor va yangi tutzorlar barpo etishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 2 million 250,6 ming tup ko‘chat mahallalardagi bo‘sh yerlar, yo‘l chetlari va aholi xonadonlariga, 567 ming tupi tuman va shaharlarning obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi hududlarga ekiladi. Qolaversa, 203,1 ming tupi ariq, kanal va daryolar bo‘ylariga, 181 ming tupi o‘rmon fondi yerlari, avtomobil va temir yo‘llari chetlariga, 510,1 ming tupi esa ijtimoiy soha va oliy ta’lim muassasalari, xo‘jalik birlashmalari hududlariga ekish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 19 ming tupi chiqindi poligonlari atrofida ihota daraxtzorlarni barpo etish,  421 ming tup ko‘chat atrof-muhitga ta’sir xavfi yuqori va o‘rta darajadagi sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog‘”lar barpo etish uchun ekiladi. 

Shu kunlarda kuz mavsumida ekilishi rejalashtirilgan ishlar yakuniga yetmoqda. Hozirga qadar 8 million 571 ming tup ko‘chat ekilib, belgilangan reja 89 foizga bajarildi. Ekilgan ko‘chatlar “Yashil makon” elektron platformasiga kiritib borilmoqda.

Ko‘chat ekish jarayonida viloyatning iqlim va tuproq sharoitiga mos bo‘lgan pavloniya, kashtan, qayrag‘och, qarag‘ay, chinor, eman, terak singari 20 ga yaqin turdagi daraxt ko‘chatlari ekilishiga alohida e’tibor qaratildi. 

Loyiha doirasida ekilgan ko‘chatlarni saqlash, parvarishlash va sug‘orishga mas’ul hamda mutasaddilar biriktirilib, zarur ishlar olib borilmoqda. 

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.