Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda kuz mavsumida qancha ko‘chat ekiladi?
15:06 / 2024-09-25

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida joriy yil kuz mavsumida 5 million 780 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni kunlarda ko‘chat ekish ishlari reja asosida olib borilmoqda.

– Umuman joriy yilda viloyatda 15 million 400 ming tup mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekilishi mo‘ljallangan, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov. – Bahor mavsumida 9,5 million tupdan ziyod ko‘chat ekilib, belgilangan reja 112 foizga bajarildi. Ayni kunlarda kuz mavsumida ko‘chat ekishni uyushqoqlik bilan o‘tkazish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda. 

Bahor mavsumida ekilgan 10 million 700 ming tupdan ortiq ko‘chatlar shahar va tuman hokimliklarida tashkil etilgan shtablar tomonidan to‘la “Yashil makon” elektron platformaga kiritildi.

Ko‘chat ekish jarayonida viloyatning iqlim va tuproq sharoitiga mos bo‘lgan pavloniya, kashtan, qayrag‘och, qarag‘ay, chinor, yapon saforasi, terak, uzum, shumtol va boshqa mevali hamda manzarali ko‘chatlar ekilishiga alohida e’tibor qaratildi. 

Joriy yilning o‘tgan davrida Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari hamda sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlariga 301 ming tupdan ziyod ko‘chatlar ekish uchun bepul yetkazib berildi. 

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, joriy yilda 36,1 gektar yer maydonida “Yashil bog‘lar” barpo etish rejalashtirilgan. 

Bugungi kunga qadar 13 ta tuman va shaharda “Yashil bog‘”larni tashkil etish uchun yer maydonlari tanlanib, ushbu yer maydonlari bo‘yicha xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari tomonidan tegishli qarorlar chiqarildi. O‘rmon xo‘jaligi agentligi qoshidagi “O‘rmonloyiha” loyiha instituti tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan farmoni ijrosi doirasida 2022-2024 yillarda viloyat bo‘yicha 16 ta hududda yashil jamoat parklarini tashkil etish belgilangan bo‘lib, bu borada ham zarur ishlar olib borilmoqda. 

Bugunga qadar Andijon, Xonobod shaharlari, Andijon, Asaka, Baliqchi, Jalaquduq, Izboskan, Marhamat, Oltinko‘l, Paxtaobod, Ulug‘nor va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida umumiy maydoni 34,5 gektar bo‘lgan “yashil jamoat park”lari tashkil etildi.

Shuningdek, joriy yilda Andijon va Xonobod shaharlari atrofida 22,5 kilometr masofaga manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil belbog‘”lar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda shaharlar atrofida “Yashil belbog‘lar”ni tashkil etish uchun “O‘rmonloyiha” loyiha instituti tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi, ayni paytda loyihani davlat ekspertizasidan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.

Barcha tuman va shaharlarda “Hokimlik bog‘”lari barpo etish bo‘yicha manzilli dastur asosida tuman, shahar markazlarida 5,7 gektar hududda “Hokimlik bog‘”lari barpo etilib, ularga 7 ming 500 tupdan ziyod manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekildi. 

Bundan tashqari, viloyatning tuman va shaharlaridagi mavjud chiqindi poligonlari atrofida ihota daraxtzorlari barpo etish loyihasi doirasida 12 ming 200 tupdan ortiq ko‘chat ekilib, ihota daraxtzorlari barpo etildi. 

Viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni saqlash, parvarish qilish uchun mahallalardan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar jalb etilgan. Shu bilan birga, tuman, shahar ekologiya davlat inspektorlari tomonidan tegishli dalolatnomalar asosida tashkilot va korxonalarning o‘zlari ekkan ko‘chatlarni muhofaza qilish, parvarishlash va sug‘orish tizimini joriy etish bo‘yicha korxona hamda tashkilotlar tomonidan mas’ullar biriktirilgan. 

Shuningdek, viloyatda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida shahar, tuman Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan 30 million 900 ming dona rayhon hamda 250 ming dona razmarin gul ko‘chatlari ekilishi ta’minlandi. 

Cug‘orish tizimlarini tashkil etish bo‘yicha belgilangan dasturlar asosida joriy yilda ekilgan ko‘chatlarning sug‘orish tizimini yaxshilash maqsadida 24 kilometr irrigatsiya sug‘orish tizimi hamda 16 dona suv chiqarish qudug‘ini tashkil etish belgilangan. Bu borada bugungi kunga qadar amalda 40 kilometr sug‘orish tizimi tortilib, 9 dona suv chiqarish qudug‘i ishga tushirildi. 

Xalqimizning “Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, xayrli va savobli ish” degan ibratli so‘zlariga amal qilgan ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘chat ekish, hududlarni yashil makonga aylantirishdek xayrli ishda faol ishtirok etmoqda. 

Ayniqsa, bugungi kunda ko‘chat ekish ishlari Andijon tumani adirliklarida barpo etilayotgan Yangi Andijon shahri hududida qizg‘in olib borilmoqda. Ushbu jarayonda mehnat jamoalari, mahallalar aholisi kattayu kichik ishtirok etib, hududda yashil maydonlar tashkil etish ishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. 

Yangi Andijon shahri hududining adirlik qismidan 80 dan ziyod viloyat tashkilotlariga 10 sotixdan 1 gektargacha yer maydonlari ajratib berildi. Ushbu maydonlarga asosan, pavloniya va boshqa manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. 

– Agar pavloniya ko‘chati 4X4 sxemada ekilsa, bir gektarga 600-650 tup ko‘chat ekiladi, – deydi Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi bosh mutaxassisi Faxriddin Ilmiddinov. – Ajratilgan 35 gektar yer maydoniga 20 ming tupdan ziyod pavloniya ko‘chati ekish mumkin bo‘ladi.  

Viloyatda avvalgi yillar tajribalaridan kelib chiqib, kelgusida ekish uchun mevali, manzarali daraxt va buta ko‘chatlari, qalamchalar zaxirasi yaratish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunda Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi yer maydonlarida, viloyatdagi ko‘chatchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklari, xususiy tadbirkorlar hamda aholi xonadonlarida ko‘chatlar zaxirasini yaratishga qaratilgan ishlar ham olib borilmoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. 

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.