French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda
16:28 / 2023-03-24

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatida ko‘chat ekish, yashil hududlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

–Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyiha doirasida joriy yil bahor mavsumida viloyatda 9 million 578 ming tup mevali, manzarali daraxt, buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekilishi rejalashtirilgan, – deydi Tabiat resurslari vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Akbarov. – Ayni kunlarda mazkur yo‘nalishdagi ishlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida yuqori ko‘tarinkilik bilan olib borilmoqda.  

Ko‘chat ekish ishlarini samarali o‘tkazish maqsadida zarur ishlar amalga oshirildi. Jumladan, agrotexnik qoidalarga qat’iy rioya etish, parvarishlash va sug‘orish ishlarini tizimli amalga oshirish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida qator tumanlarda ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, ko‘chat ekish ishlarini tashkil etishda hududlarning iqlim va tuproq sharoiti, sug‘orish tizimlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Viloyatda ko‘chat yetkazib berish va narx-navo barqarorligini ta’minlash maqsadida ko‘chat yarmarkalari hamda savdo nuqtalari tashkil etildi. Belgilangan reja doirasida bugungi kunga qadar viloyat bo‘yicha 7 million 558 ming 600 tupdan ziyod mevali, manzarali va buta ko‘chatlari ekildi. Hokimliklar qoshidagi loyiha doirasidagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi shtablar hamda Tabiat resurslari vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi, uning tuman va shahar bo‘limlari mutaxassislari tomonidan 6 million 968,5 ming dona ekilgan ko‘chatlar tegishli tartibda qayd etildi. Bu haqidagi ma’lumotlar “Yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritildi.  

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlarida korxona, tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalari, yoshlar, umuman, keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda.  

– Xalqimizda “Yaxshidan bog‘ qoladi”, degan hikmatli gap bejiz aytilmagan, – deydi viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi rahbari O‘ktamjon Oxunov. – Qolaversa, ko‘chat ekish, hududlarni yashil makonga aylantirishdek xayrli ish xalqimizga xos an’ana, qadriyat. Shu bois ham ushbu jarayonda kattayu kichik faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, ko‘pni ko‘rgan, katta hayot tajribasiga ega keksalarimiz mahallalarda, jamoalarda bu ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqda.  

[gallery-11128]

Birgina Navro‘z bayrami oldidan “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilgan umumxalq xayriya hashari doirasida 75 ming tupga yaqin manzarali, 38 ming tupdan ziyod mevali daraxt ko‘chatlari, shuningdek, 170 ming donadan ortiq gul ko‘chatlari o‘tkazildi.  

Nuroniylarning duo-fotihalari bilan boshlangan hasharda yo‘l bo‘ylari, ariq-zovur chetlari, bo‘sh turgan maydonlar hamda aholi xonadonlariga qarag‘ay, pavloniya, archa kabi manzarali va mevali nihollar, shuningdek, fermer xo‘jaliklari dala maydonlarining chetlariga tut ko‘chatlari ekildi. Loyiha doirasidagi ishlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida qizg‘in olib borilmoqda.  

Joriy yilning bahor mavsumida Baliqchi tumanida “Yashil makon” loyihasi doirasida 730 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan. Hozirga qadar yo‘l bo‘ylariga, korxona, tashkilot va muassasalarning bo‘sh turgan hududlariga, mahallalarga 600 ming tupga yaqin ko‘chatlar o‘tkazildi.  

Shu kunlarda viloyatning barcha hududlarida “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari qizg‘in davom etmoqda.  

F. Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat),  O‘zA