Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda jurnalist va blogerlar bilimlarini boyitdi
16:37 / 2021-10-26

Andijon shahridagi “Hamkor-biznes” markazida jurnalist va blogerlar uchun ikki kunlik seminar-trening o‘tkazildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari doirasida jurnalist va blogerlarning huquqiy va mediaaxborot borasidagi savodxonligini yuksaltirishga bag‘ishlangan mazkur tadbirda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etmoqda.

– Seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, jurnalist va blogerlarni so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro standartlar, ommaviy axborot vositalari erkinligiga oid bilim va tushunchalari, kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan, – deydi seminar mediatori Nargiza Qosimova. – Umuman, seminarda ishtirokchilarning axborot olish erkinligining huquqiy asoslari, umumfoydalanadigan yoki sir tutiladigan axborotlarni olish va ulardan foydalanish borasidagi huquqiy bilimlarini boyitish ko‘zda tutilgan.

Guruhlar doirasida qiziqarli o‘yin, taqdimot va boshqa interaktiv usullar asosida o‘tkazilgan seminarda voyaga yetmaganlar haqida axborot tarqatish tartiblari, mediaaxborot savodxonligi, jurnalist faoliyatida etika, yolg‘on xabarlarni aniqlash, fakt-cheking asoslari singari qator masalalar yuzasidan ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.

– Qiziqarli muloqot, ochiq-oshkora fikrlashuv asosida o‘tgan mazkur seminar-treningdan faoliyatimiz, tezkor ishlash, zamonaviy jurnalistikaga oid ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukrullo Xayitoxunov. – O‘rganganlarimiz kelgusida albatta, faoliyatimizni yanada samarali olib borishda yordam beradi.

Seminarning ikkinchi kunida OAV va jurnalist faoliyatida shaxsga oid ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq tavakkalchilik, ana shu mazmundagi axborotlarni baholash, kontentlar, axborot manbalari bilan ishlash, ob’ektivlik va shaffoflik masalalari yuzasidan fikrlashildi.

Seminarda mavzu doirasidagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.

Yakunda ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA