Mamlakatimizda keyingi yillarda mahalla tizimi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada mahallaning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzi yanada ortmoqda.
Buni mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayrami munosabati bilan Andijon viloyatidagi 19 ta mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi, shuningdek, 13 ta mahallada servis kompaniyalari uchun xizmat binolari qurilib, foydalanishga topshirilganligi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

– Joriy yilda viloyatdagi 83 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi binolar qurilishi va ta’mirlanishi rejalashtirilgan, - deydi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov. – Bugungi kunga qadar 42 ta mahallada yangi bino qurilib, 9 tasida ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, keyingi yillarda mahallalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida viloyat mahallalar uyushmasi hamda tuman, shahar hokimliklari tomonidan ko‘plab mahalla fuqarolar yig‘inlariga kompyuter va mebel jihozlari to‘plamlari topshirildi.
Viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil va reja asosida davom etmoqda. Mustaqillik bayrami munosabati bilan viloyatdagi 19 ta – Andijon shahridagi Bo‘ston, Obod, Temur Malik, Qoraqo‘rg‘on, Jalaquduq tumanidagi Toshloq, Uzunko‘cha, Shahrixon tumanidagi Vaxm, Yangi Vaxm, Qumariq, Yangi Obod, Teraktagi, Navbahor, Shahrixon, Taraqqiyot, Baliqchi tumanidagi Omonariq, Tovuldi, Adolat, Ulug‘nor tumanidagi Shahriobod, Oltinko‘l tumanidagi Mustaqillik mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binolari foydalanishga topshirildi.

– Hozirga qadar 1 ming 350 dan ortiq oila, 4 ming 300 nafardan ziyod aholi yashaydigan mahallamizning alohida idorasi bo‘lmagan, - deydi Shahrixon tumanidagi “Navbahor” MFY raisi Gulnozaxon Kimsanova. – Ko‘p yillar tadbirkorlarga tegishli binolarda ijarada turib, ishlashimizga to‘g‘ri keldi. Tuman hokimligi, Mahalla uyushmasi tuman bo‘limi tashabbusi bilan homiylar ko‘magida mahallamizdagi eski, foydalanilmasdan turgan bino qayta qurilib, mahalla uchun idora qilib berildi. Buning uchun homiylarimiz tomonidan 400 million so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Mustaqillik bayrami arafasida mahalla yangi binosining foydalanishga topshirilishi mahalla ahli uchun qo‘shaloq bayramga aylandi. Shu kuni mahallamizdagi ehtiyojmand hamda boquvchisini yo‘qotgan ikki oilaning farzandlariga xatna to‘yi o‘tkazdik. Tadbirkor va kosib-hunarmandlarimiz tomonidan mahallamizdagi 150 nafar o‘quvchiga o‘quv qurollari, bir juftdan oyoq kiyimi – poyabzal sovg‘a qilindi.

Endilikda mahallaning yangi binosida “mahalla yettiligi” a’zolarining har biri uchun alohida xonalar ajratildi, ularning samarali ish olib borishida zarur barcha sharoitlar yaratildi.
Yaqin kunlarda homiylik asosida mahallaning yangi binosi mebellar bilan jihozlanadi.

Bayram shukuhi kezayotgan shu kunlarda Jalaquduq tumanidagi “Uzunko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun ham zamonaviy bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
– Qurilib, foydalanishga topshirilgan mahallaning yangi binosi mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy ifodasi, - deydi Jalaquduq tumani hokimi Hikmatullo Latipov. – Mahalla tizimining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirishga qaratilgan bu kabi ishlar tumanimizda izchil davom ettiriladi.

Mahalla yangi binosining qurilishi uchun jami 3 milliard 118 million so‘m mablag‘ sarflandi. Yangi bino mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini samarali tashkil etish, aholi bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, xalqning davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Muxtasar aytganda, bugun viloyatdagi aksariyat mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralarida mas’ullarning samarali ishlashi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bu avvalo, mahalla obodligi, tinchlik-xotirjamligi, aholining hamjihat va totuvligini yanada mustahkamlash, umuman, uning nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari