Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda “Jasorat maktablari” faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
19:13 / 2025-11-11

Yoshlar ongida Vatanga muhabbat, sadoqat va mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish zamonaviy ta’lim tizimining eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga qaratilgan tashabbuslar yosh avlodni faol, ezgu g‘oyalarga sodiq shaxslar sifatida kamol toptirishda muhim o‘rin tutadi.

Shu maqsadda Andijon viloyati mezbonligida “Jasorat maktablari”ga o‘quvchilarni qabul qilish hamda o‘quv-tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan respublika amaliy seminari bo‘lib o‘tmoqda.

Seminarning birinchi kunida yurtimiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 208 nafar “Jasorat maktablari” direktorlari va 416 nafar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbarlari ishtirokida Andijon shahridagi Yoshlar markazida amaliy uchrashuv tashkil etildi.

[gallery-26183]

Tadbirda Mudofaa vaziri o‘rinbosari hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari so‘zga chiqib, “Jasorat maktablari”ni tashkil etishning mazmun-mohiyati, ularning ta’lim-tarbiya jarayonidagi ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shu bilan birga, ta’lim muassasalarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan yangi usullar, samarali yondashuvlar va ilg‘or tajribalar misolida fikr almashildi. 

Kunning ikkinchi yarmida seminar ishtirokchilari Asaka tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Buloqboshi tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda Andijon shahridagi 13 va 31-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bo‘lib, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar o‘quv jarayonida milliy qadriyatlar va vatanparvarlik g‘oyalarini samarali targ‘ib etish usullari, ta’lim muassasalarida “Jasorat maktablari” faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. 

Seminar davomida ishtirokchilar uchun mahorat darslari, tajriba almashish sessiyalari hamda amaliy ko‘rgazmalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari