Andijon shahrida informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi ish boshladi.
Viloyatda IT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yosh, malakali kadrlar tayorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, tuman va shaharlarda “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” tashkil etish borasida amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Andijon, Xonobod shaharlari, Buloqboshi, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Bo‘ston, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa va Marhamat tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, barcha tuman va shaharlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 ta “Digital-School” tashkil etildi.
[gallery-1005]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 oktyabrdagi “Axborot texnologiyalari sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Andijon shahridagi 54-umumta’lim maktabi negizida axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi tashkil etilib, foydalanishga topshirilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biridir.
Tayanch maktab zarur jihoz, kompyuter texnikalari hamda adabiyotlar bilan to‘la ta’minlandi. Test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan maktabning ilk o‘quvchilariga puxta bilim olishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA