Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 21-22 may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Andijon shahrida barpo etilgan Digital City (Raqamli shaharcha) texnoparki bilan tanishgan edi.
Texnopark singari ilg‘or, innovatsion muassasalar mamlakatimiz taraqqiyoti, yoshlar kamolotida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, bunday texnoparklarni boshqa hududlarida ham ochish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Ana shundan kelib chiqib, Andijon viloyatida IT sohasini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishda yosh, malakali kadrlar tayorlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, viloyatning tuman va shaharlarida “Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari” tashkil etish borasida ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar Andijon, Xonobod shaharlari, Buloqboshi, Asaka, Shahrixon, Izboskan, Bo‘ston, Ulug‘nor, Qo‘rg‘ontepa va Marhamat tumanlarida raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, barcha tuman va shaharlarda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda 16 ta “Digital-School” tashkil etildi.
Andijon shahridagi 54- umumta’lim maktabi negizida axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Tayanch maktab zarur jihoz, kompyuter texnikalari hamda adabiyotlar bilan ta’minlandi. Mazkur maktab o‘quvchilarining puxta bilim olishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Viloyatning tuman va shaharlarida axborot texnologiyalari bo‘yicha tashkil etilgan boshlang‘ich o‘quv kurslarida tahsil olayotganlardan tanlab olingan yoshlar Digital City da intensiv ravishda ingliz tiliga o‘qitilib, IT xizmatlar ko‘rsatishga tayyorlanmoqda. O‘tgan davr mobaynida bu yerda 2 ming 500 nafarga yaqin yosh mutaxassis o‘qitildi.
Texnoparkda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar tomonidan “Obod mahalla”, “Uy-joy”, “Mehnat”, “Smart maktab” singari qator dasturiy loyihalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-2819]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA