Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda “Ishga marhamat” monomarkazi ish boshladi
19:22 / 2021-06-19

Markazning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov va boshqalar mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunarlarga hamda tadbirkorlikka o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.

Prezidentimizning 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan barpo etilgan. Mazkur monomarkazda endilikda ichki va tashqi mehnat bozori uchun yuqori kasbiy malakaga ega mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini hamda xorijda mehnat faoliyatini tashkil etish borasidagi ishlar olib boriladi.

Umumiy qiymati 15 milliard so‘m bo‘lgan ushbu loyiha “World skills” ishchi kasblar standartlari asosida Jahon bankining mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.

Andijon “Ishga marhamat” monomarkazi Servis va xizmat ko‘rsatish, texnika, umumqurilish, xorijiy tillar sohalari bo‘yicha  28 ta ixtisoslik  yo‘nalishi bo‘yicha 2 smenada o‘qish tashkil etildi. Yiliga 4 ming 480 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.

Bu yerda tahsil olganlarni xorijga chiqish va u yerda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishini tashkil etish uchun Monomarkaz migratsiya bo‘limlari bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Tadbir ishtirokchilari markazdagi o‘qitish jarayonlari, mutaxassislar tomonidan tayyorlagan qo‘l mehnati, pazandachilik, qandolatchilik mahsulotlari namunalari bilan tanishdi.

Monomarkaz aholini kasb-hunarlarga o‘qitish, qayta tayyorlash, umuman, mehnat bozorini shakllantirish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

[gallery-2856]

F.UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA