Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda Iqtisodiyot va qurilish instituti ish boshladi
18:24 / 2020-12-10

Andijon iqtisodiyot va qurilish institutining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Keng jamoatchilik vakillari, institut professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etgan tadbirda so‘z olganlar Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yoshlarning o‘qib, bilim olishi, xususan, iqtisodiyot tarmoqlari, qurilish sohasi uchun oliy ma’lumotli, malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 26 avgustdagi «Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga asosan tashkil etilib, ish boshlagan mazkur institutda iqtisodiyot va qurilish sohasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Mazkur institut uchun Andijon shahridagi sobiq maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji binosi ajratib berildi, joriy 2020-2021 o‘quv yili uchun qator yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar qabul qilindi. 

[gallery-368]

Vazirlar Mahkamasi qarorida kelgusida institutda talabalar soni oshishini inobatga olib, 2022 yilga va kelgusi yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturlariga 1 ming 200 o‘rinli o‘quv binosi va 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihalarini kiritish nazarda tutilgan.

Hozirga qadar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining «Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish mablag‘lari jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan o‘quv binolarini joriy ta’mirlash va jihozlash ishlari uchun 2 milliard 485 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu mablag‘ning 2 milliard so‘mi o‘quv binolarini joriy ta’mirlash ishlariga, 485 million so‘mi esa jihozlash uchun sarflandi.

Tadbirda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi. Tadbirdan so‘ng viloyat hokimi joriy yilda o‘qishga qabul qilingan institutning birinchi talabalari bilan muloqot o‘tkazdi. Ularning o‘qishlarida, institut jamoasining ishlarida omad tiladi.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA