Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda imtihonlar yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi
17:48 / 2025-07-06

Bugun mamlakatimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga kirish uchun 1- bosqich qabul imtihonlari – test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2025-2026 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 1 iyundan – 20 iyunga qadar onlayn shaklda my.gov.uz va ariza.piima.uz platformalari orqali amalga oshirildi.

Qabul davomida Agentlik tizimidagi maktablarga jami 255 mingdan ortiq, shundan Prezident maktablariga – 49 ming 924 ta,  ijod maktablariga – 4 ming 740 ta, sport maktablariga – 582 ta, ixtisoslashtirilgan maktablarga – 137 ming 870 ta hamda Tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarga – 62 ming 497 ta hujjat kelib tushgan. Jumladan, Andijon viloyatida o‘quvchilar tomonidan 26 ming 541 dan ortiq hujjat qabul qilindi.  

[gallery-24175]

– Andijon viloyatidagi Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish uchun imtihonlar butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi 6-12 iyul kunlari viloyat Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 1- va 2- binolarida, shuningdek, Andijon davlat chet tillari instituti, Andijon suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi va Andijon shahridagi 2- son ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida ajratilgan binolarda bo‘lib o‘tadi, – deydi Andijon viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘’basi boshlig‘i Otabek Soliyev. – Qayd etilgan binolarda imtihonlarni yuqori saviyada, belgilangan tartiblar asosida o‘tkazish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, bino ichlariga konditsionerlar o‘rnatilgan.

Prezident maktablariga kirish uchun bugun bo‘lib o‘tayotgan 1- bosqich imtihonlari ikki smenada, ya’ni birinchi smena ertalab 8.00 da va ikkinchi smena 12.00 da belgilangan tartiblar asosida bo‘lib o‘tdi.    

O‘quvchilarning har biri qalam, ruchka, o‘chirg‘ich va ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Jarayonning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun test sinovi o‘tkazilayotgan hududlarga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, jarayonlarni onlayn kuzatish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, keng jamoatchilik vakillari, ota-onalar uchun kutish joylari, salqin ichimliklar savdolari tashkil etilgan.

– Imtihonga qizim – Paxtaobod tumanidagi 3-umumta’lim maktab o‘quvchisi Robiya Muhammadzokirovani olib keldim, – deydi Risqitilla Ergashboyev.  –  Imtihon o‘tayotgan Andijon suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida biz ota-onalar uchun barcha sharoitlar yaratilganligidan xursandmiz. Eng asosiysi farzandlarimizning, barcha o‘quvchilarning omadini bersin.  

Imtihonlar jarayonida o‘quvchilar salomatligini nazorat qilish va xavfsizlikni ta’minlash uchun sog‘liqni saqlash, ichki ishlar tizimlari xodimlari jalb etilgan.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.