Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda ichimlik suvi ta’minoti 92,1 foizga yetdi
14:54 / 2026-01-10

“Andijon suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2025 yilda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini ko‘rsatish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tgan anjumanda mutasaddilar tomonidan o‘tgan yil davomida viloyatda aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

– Belgilangan dasturlar doirasida 2025 yil davomida 98 milliard 325 million so‘m mablag‘ sarflanib, 264 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i tortildi, 26 ta suv inshooti, 48 ta suv qudug‘i qurildi va rekonstruksiya qilindi, – deydi “Andijon suv ta’minoti” AJ direktorining o‘rinbosari Azizbek Yuldashev. – Ana shu ishlar natijasida 8 ming nafar aholi yashaydigan qator hududlar ilk bor ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi, 12 ming nafar aholi yashaydigan hududlarda esa ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilandi. Umuman, viloyatda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 92,1 foizga yetkazildi. 

Anjumanda viloyatda suv hisoblash uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirilganligi alohida qayd etildi. Jumladan, o‘tgan yili 109 ming 238 ta yangi suv hisoblagichlar o‘rnatilib, viloyat bo‘yicha iste’molchilarni hisoblagichlar bilan ta’minlash darajasi 70 foizga yetkazildi. Ushbu ko‘rsatkich 2024 yilda 47 foizni tashkil etgan edi. 

Shuningdek, anjumanda iste’mol qilingan suv uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. 

Viloyatda 542 mingdan ziyod ichimlik suvi iste’molchisi bo‘lib, o‘tgan yil yakuni bilan ularning qarzdorligi 92 milliard so‘mni tashkil etdi. Qarzdorlikni kamaytirish bo‘yicha “mahallabay”, “xonadonbay” olib borilgan ishlar natijasida qarzdorlik 2024 yilga nisbatan 35 milliard so‘mga kamaytirildi. 

Xususan, o‘tgan yil mobaynida iste’molchilarning 19 milliard 425 million so‘mlik qarzdorligi bo‘yicha sudlarga 10 ming 367 ta da’vo arizasi kiritildi. Sudlar tomonidan 7 milliard 361 million so‘m miqdordagi qarzdorlikni undirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Bundan tashqari, soha mutaxassislari tomonidan muddati o‘tgan qarzdorliklarni aniqlash va undirish bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda. 

Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi. 

F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA