“Andijon suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilning birinchi yarmida viloyatda suv ta’minoti borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar ishtirok etdi. Unda mutasaddilar tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatida aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv tarmoqlarini yaxshilash, bu boradagi mavjud muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
[gallery-24578]
– Belgilangan davlat dasturlari doirasida joriy yilning birinchi yarmida 24 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi va 5 kilometr uzunlikda oqova suv tarmoqlari qurildi, - deydi “Andijon suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Dilshodbek Qo‘ldashev. – Shuningdek, 7 ta yangi inshoot foydalanishga topshirildi. Buning natijasida 8 ming nafar aholi yashaydigan qator hududlar ilk bor ichimlik suvi tarmog‘iga ulandi, 12 ming nafar aholi yashaydigan hududlarda ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilandi. Umuman, viloyatda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 91,9 foizdan 92 foizga yetkazildi.
Tizimda xizmat ko‘rsatishda aniqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida joriy yilning birinchi yarmida 4 ming 809 nafar iste’molchi billing tizimiga ulanib, ushbu tizimga ulangan iste’molchilar soni 541,5 ming nafardan ortdi.
Viloyatda suv hisoblash uskunalarini o‘rnatish ishlari ham jadallik bilan olib borildi. Hisobot davrida 43 ming 62 ta yangi suv hisoblagichlar o‘rnatilib, o‘rnatilgan jami suv hisoblagichlar soni 293 ming 365 taga yetdi. Bu iste’molchilarning 55 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, anjumanda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 16,1 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 36 ta nasos mukammal, 28,6 kilometr tarmoq va 74 ta nasos joriy ta’mirlandi. Shuningdek, turli hududlarga 40 ta energiya tejamkor nasoslar o‘rnatildi.
Anjumanda iste’mol qilingan suv uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida ham atroflicha so‘z yuritildi. Joriy yilda suv ta’minoti sohasida belgilangan ishlar tizimli amalga oshirilganligi, kelgusida ham izchil davom ettirilishi qayd etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari