Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda harbiy xizmatchilarga yangi uylar topshirildi
17:32 / 2021-01-08

Andijon Xo‘jaobod tumanidagi “Ittifoq” massivida barpo etilgan 5 qavatli, 30 xonadondan iborat yangi uy foydalanishga topshirildi.

Harbiy xizmatchilar, faxriylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tgan mazkur tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda milliy armiyamizning jangovor salohiyatini yuksaltirish, harbiy xizmatchilar hamda ularning oila a’zolari yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.

Jumladan, Vatan himoyachilari kuni arafasida yurtimizning turli hududlarida xizmat o‘tayotgan andijonlik harbiy xizmatchilar uchun foydalanishga topshirilgan 30 kvartiradan iborat ikki va uch xonali shinam uylar harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi.

Yangi uylarga ko‘chib kirgan oilalardan biri podpolkovnik Dilshodbek Parpiyev Xo‘jaobod tumanida tug‘ilib, voyaga yetgan. Ayni paytda Jizzax viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat qilmoqda. Yangi uy berilganligidan uning butun oilasi, yaqinlari behad mamnun.

Asli asakalik serjant Sarvarbek Ergashev esa qariyb 12 yildan buyon harbiy xizmatda. Ayni paytda Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida xizmat vazifasini o‘tamoqda. Yangi uy sohibi bo‘lganliklaridan, ayniqsa, turmush o‘rtog‘i Gulnozaxonning quvonchi cheksiz.

[gallery-725]

– Oilamiz uchun ikki xonali yangi uy ajratilganligidan behad xursandmiz, – deydi Gulnozaxon Ergasheva. – Yaqin kunlarda nishonlanadigan Vatan himoyachilari kuni oilamiz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Yurtboshimizning, hukumatimizning harbiylarga, ularning oilalariga ko‘rsatayotgan bu kabi e’tiboridan cheksiz minnatdormiz.

Barpo etilgan yangi uylarning keng va yorug‘ xonadonlarida yashovchilar uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, alohida isitish tizimi, uylar oldida bolalar maydonchasi, suhbatgohlar barpo etilganligi ham yashovchilarga katta qulayliklar yaratadi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Sh. Abdurahmonov, Sharqiy harbiy okrug ko‘mandoni, polkovnik L. Buzrukov ishtirok etib, yangi uylar kalitini o‘z egalariga topshirdi.

 

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOVOV (foto), O‘zA