Andijon viloyatida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlandi.
Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida test sinovlari boshlanishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, mamlakatimizda yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga kirishi, o‘qib puxta bilim olishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilayotganligini ta’kidlab, test sinovlarida barcha abituriyentlarga omad tiladi.
Joriy yilda Andijon viloyatidan oliy o‘quv yurtlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish uchun 66 ming 824 nafar abituriyent test sinovidan o‘tadi.
– Joriy yilda test sinovlari Andijon shahridagi to‘rtta bino – Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi ikkita manejida, Andijon davlat chet tillar instituti sport zali hamda “Yambol” sport kompleksida bo‘lib o‘tadi, – deydi Bilim va malakalarni baholash agentligi Andijon bo‘limi bosh mutaxassisi Rustamjon Azimov. – Test sinovi bilan bog‘liq barcha jarayonlar belgilangan tartiblar asosida tashkil etilmoqda. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus aravachalar tashkil etilgan.
[gallery-12989]
Test sinovlari ikki smenada, ya’ni ertalab 8.00 dan 11.00 gacha va ikkinchi smena 15.00 dan 18. 00 gacha o‘tkaziladi. Har smenada 2 ming 760 nafar, bir kunda 5 ming 520 nafar abituriyent test sinovidan o‘tishi, umuman, test sinovlari viloyatda 1 – 13 avgust kunlari davomida o‘tkazilishi belgilangan.
Jarayonning adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash uchun test sinovi o‘tkazilayotgan hududlar kamera kuzatuvi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, ota-onalar, umuman, keng jamoatchilik uchun kutish zali, test sinovi jarayonini onlayn kuzatib borish imkoni yaratilgan.
Tibbiyot xodimlari abituriyentlarning sog‘ligini nazorat qilmoqda. Abituriyentlarga suv, ruchka berilishi tashkil qilingan.
Imtihonlar jarayonida xavfsizlikni ta’minlash uchun Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari jalb etilgan.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA