English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda gaz ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
16:19 / 2022-10-24

Andijon viloyatida 276 mingdan ziyod tabiiy gaz hamda 471 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchisi mavjud. “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, suyultirilgan gazdan foydalanuvchilarga 625 ming 830 dona maishiy gaz balloni tarqatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 sentyabrdagi "Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli uy-joy fondini 2022/2023-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, iste’molchilarning barcha toifalariga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanib, ana shu asosda amaliy ishlar olib borilmoqda.

– Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 5,9 kilometr uzunlikdagi gaz quvurini mukammal ta’mirlash, 3,2 kilometr gaz quvurini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunga qadar belgilangan ishlar to‘la bajarildi, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Rahmatillo Temirov. – Bundan tashqari, Andijon shahri “Aylanma yo‘l” ko‘chasida joylashgan “Ko‘makay” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasi yuqori bosimli yerosti gaz tarmog‘ining 2,5 kilometr qismi mukammal ta’mirlandi.

Mutaxassislar tomonidan Marhamat tumani “Polvontosh” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasining 1-tarmoq “Niyozbotir – Paxtakor” yo‘nalishidagi yuqori bosimli yer usti gaz tarmog‘ining 0,7 kilometr qismi, shuningdek Shahrixon tumani “O‘rmonbek” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasi 3-tarmoq Dorilomon mahalla fuqarolar yig‘ini yo‘nalishidagi yuqori bosimli yer osti gaz tarmog‘ining 2,7 kilometr qismida ham mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada 1 ming 200 ga yaqin xonadonda tabiiy gaz ta’minoti yanada yaxshilandi.

Tarmoqlarni qayta rekonstruksiya qilish ishlari rejasiga ko‘ra, 3,2 kilometr uzunlikdagi gaz tarmog‘ining xizmat muddati yanada uzaytirildi. Xo‘jaobod tumanidagi Manak mahalla fuqarolar yig‘ini yo‘nalishi bo‘ylab tortilgan yuqori bosimli yer usti gaz tarmog‘ining 0,8 kilometr qismi hamda “Do‘stlik” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasidan Dilkushod mahalla fuqarolar yig‘ini yo‘nalishi bo‘ylab tortilgan yuqori bosimli yer usti gaz tarmog‘ini 0,7 kilometr qismi, shuningdek, Ulug‘nor tumanidagi Nurobod, Fayzobod mahalla fuqarolar yig‘inlari yo‘nalishi bo‘ylab tortilgan yuqori bosimli yer usti gaz tarmog‘ini 1,7 kilometr qismi rekonstruksiya qilinib, 500 ga yaqin xonadonning tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.

[gallery-9256]

Iste’molchilarga tabiiy gazni yetkazib berishda gaz tarqatish qurilmalari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham bugungi kunga qadar viloyatdagi mavjud 2 ming 471 dona gaz tarqatish qurilmalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

Tumanlardagi mavjud 14 ta qurilmada mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, ularning xizmat muddatlari yanada uzaytirildi. Belgilangan rejaga ko‘ra, 122,8 kilometr masofadagi gaz quvurlarini bosim ostida sinash va havo bosimi yordamida tozalash belgilangan bo‘lib, amalda 133.3 kilometr uzunlikdagi quvur sinaldi va tozalandi. Belgilangan reja 109 foizga bajarildi.

Soha xodimlari tomonidan 212,3 kilometr masofadagi yer usti gaz quvurlari bo‘yaldi. Shuningdek, mavsumga tayyorgarlik jarayonida 124,2 kilometr uzunlikdagi yer osti gaz quvurlarining holati maxsus uskunalar yordamida tekshirildi.

– Viloyatimizda kuz-qish mavsumida suyultirilgan gaz iste’molchilarini bir maromda “zangori olov” bilan ta’minlash maqsadida barcha gaz to‘ldirish shoxobchalarida tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazildi, – deydi “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali direktorining suyultirilgan gaz masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafarbek Qahhorov. – Jumladan, “Asaka”, “Shahrixon” va “Qo‘rg‘ontepa” gaz to‘ldirish shoxobchalarida qo‘shimcha gaz quyish kolonkalari o‘rnatildi. Natijada maishiy gaz ballonlarga gaz to‘ldirish 30 foizga tezlashdi.

Umuman, 2022-2023 yilgi mavsumda barcha toifadagi iste’molchilarga 43 ming 234 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Shundan, 21 ming 810,8 tonnasi oktyabr dekabr oylarida, 21 ming 423,3 tonnasi esa yanvar-mart oylarida yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Kuz-qish mavsumida iste’molchilarning gaz plitalari, qozonxona, kamin, pech va boshqa gaz jihozlarining xavfsiz ishlashi, shuningdek, aholi xonadonlari, xo‘jalik sub’ektlariga tegishli binolardagi mo‘rilar va shamollatish tizimining ko‘ngildagidek ishlashini ta’minlash bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Umuman, viloyatda gaz ta’minoti tizimida kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun zarur barcha ishlar olib borilmoqda.

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA