Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda futbol bayrami
15:16 / 2026-02-24

Andijon shahridagi universal sport majmuasida “Andijon” professional futbol klubining 2026-yilgi mamlakat chempionati oldidan taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, futbolchilar, murabbiylar shtabi va barcha muxlislarni yaqin kunlarda boshlanadigan yangi mavsum bilan muborakbod etib, “Andijon” jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar, g‘alabalar va yuqori natijalar tiladi.

Ta’kidlash lozim, Samvel Babayan bosh murabbiy etib tayinlangan “Andijon” PFK yangi mavsumda o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Jamoa tarkibi mavsum oldidan deyarli yangilandi. Jamoaga 17 nafar tajribali yangi futbolchi qabul qilindi. Ular orasida Dragan Cheran, Islom To‘xtaxo‘jayev, Azizbek Turg‘unboyev singari mamlakatimiz yetakchi klublarida o‘ynagan, shuningdek, Qozog‘iston, Turkiya va Gruziya chempionatlarida to‘p surib, katta tajriba orttirgan futbolchilar bor. 

[gallery-27837]

Haqiqiy futbol bayramiga aylangan tadbir davomida yangi futbolchilarga sport formalari va shaxsiy raqamlari tantanali ravishda topshirildi. Muxlislarning sog‘inchi, futbolchilarning g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqi tadbirga o‘ziga xos ko‘tarinkilik bag‘ishladi. 

Tadbirda jamoa yetakchilari Dragan Cheran va Islom To‘xtaxo‘jayev so‘z olib, yuqori o‘rinlarni egallash va muxlislar ishonchini oqlash uchun jamoaning har bir a’zosi bor imkoniyatlarini ishga solishini bildirdi. 

Klub bosh direktori Ziyodbek Mashrapov viloyat hokimiga jamoa libosini topshirdi. 

Samvel Babayan boshchiligidagi “Burgutlar” jamoasi 2026-yil mavsumda mamlakat chempionligini yoki kuchli uchlikdan joy olishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

F.  Ubaydullayev, 
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.