Andijon shahridagi Yoshlar markazida “Andijon” futbol klubining 60 yilligi munosabati bilan o‘tkazilishi belgilangan tadbirlar bo‘yicha matbuot anjumani hamda o‘zbek futboli afsonalari, futbol faxriylari, muxlislar, yoshlar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda viloyat hokimligi, mas’ul tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga sana munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar haqida ma’lumotlar berildi.
Andijon viloyati hokimligi, “Andijon” futbol klubi, viloyat futbol federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, o‘z davrining mashhur futbolchilari Birodar Abduraimov, To‘lagan Isoqov va boshqa o‘zbek futboli afsonalari “Andijon” futbol klubining shonli tarixi, erishgan yutuqlari, jamoaning bugungi salohiyati haqida so‘z yuritdi.
– Turli davrlarda turli nomlar bilan musobaqalarda ishtirok etgan “Andijon” klubi munosib tarixga ega, – deydi O‘zbekiston futbol federatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov. – Sobiq ittifoq chempionati ikkinchi ligasida munosib o‘yinlar ko‘rsatgan. Mustaqillik yillarida esa “Andijon” O‘zbekistonning top jamoalaridan biriga aylandi. Joriy yilda esa jamoa O‘zbekiston kubogi sohibiga aylanganligi futbolimiz tarixi solnomasiga shubhasiz, zarhal harflar bilan yoziladi.
Kelgusi yilda “Andijon” klubi Osiyo chempionlar ligasi musobaqasida ishtirok etishi jamoaning ulkan yutuqlaridan biridir.
Uchrashuvda “Andijon” futbol klubi bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov, “Andijon” U21 jamoasi murabbiyi Abdurashid Ismoilov, “Andijon” fan klubi rahbari Nodirbek To‘ychiyev O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan “O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
[gallery-20195]
Qiziqarli va samimiy kechgan uchrashuvda futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev, Azamat Abduraimov, Server Japarov va boshqa bir qator o‘zbek futbolining taniqli futbolchilari yoshlar, futbol muxlislarining savollariga javob qaytardi.
Andijonda “Andijon” futbol klubining 60 yilligi munosabati bilan qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Jumladan, bugun “Bobur-arena”da “Andijon” futbol klubi faxriylari hamda O‘zbekiston faxriylar terma jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi, shuningdek, katta shou-konsert bo‘lib o‘tadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari