Bu haqida Andijonda viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Mamlakatimizda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish tizimi faoliyatini takomillashtirish, soha ishini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Andijon viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar hamda keyingi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ma’lumot berildi.
– Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilishga doir jami 3 ming 542 ta murojaat qabul qilinib, keyingi bosqichda ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi, – deydi Andijon viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, podpolkovnik Jahongir Ismoilov. – Prezidentimizning tegishli farmonlari asosida 2017 yilda 108 nafar, 2018 yilda 598 nafar, 2019 yilda 1 ming 327 nafar, 2020 yilda 585 nafar, 2021 yilning o‘tgan davrida esa 268 nafar jami 2 ming 891 nafar fuqaroligi yo‘q shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. 145 nafar shaxslarning iltimosnomasi Fuqarolik masalalari komissiyasi tomonidan qanoatlantirilmasligi ma’lum qilindi.
[gallery-3875]
Joriy yilning 14 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, 2005 yil 1 yanvar kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga ko‘chib kelib, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hamda 15 yil davomida yurtimizda doimiy yashab kelayotgan Andijon viloyati hududida istiqomat qiluvchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 725 nafariga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti rasmiylashtirib berildi. Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida 26 ming 876 nafar kishiga birinchi marotaba shaxsini va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi "ID" kartalar taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Matbuot anjumani doirasida O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilingan 10 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiya ID kartalari tantanali ravishda topshirildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA