Prezidentimizning 2021 yil 10 fevraldagi «Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruv organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Adliya vazirligiga qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan sohalar, hududlar va idoralar kesimida manzilli va tahliliy o‘rganishlar olib borish vazifasi yuklatilgan.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib boshqarma mutaxassislari tomonidan Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasida sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari ijrosi o‘rganilganda bir qator xato va kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 11 fevraldagi “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha
chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bilan vasiylik va homiylik organlari xodimlariga transport xarajatlarini qoplash maqsadida oylik qo‘shimcha kompensatsiya pullarini to‘lab borish belgilangan. Unga ko‘ra, belgilangan ushbu imtiyozni qo‘llash orqali vasiylik va homiylik organlari xodimlariga bolalarni vasiylik yoki homiylikka olish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish, ularning ahvolini nazorat qilib borishdagi transport xarajatlarini qoplash orqali xodimlarning ish samaradorligi va sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Biroq, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlariga to‘g‘ri va yagona yondashuv asosida uslubiy rahbarlik qilinmaganligi sababli Andijon, Asaka, Xo‘jaobod, Oltinko‘l, Buloqboshi tumanlari xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarga transport xarajatlari umuman berilmagan, Xonobod shahar, Bo‘ston, Paxtaobod, Ulug‘nor, Marhamat, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida esa xodimlardan transport xarajatlari uchun qarzdorlik mavjud.
Yuqoridagi kompensatsiya pullarni to‘lanmasligi xalq ta’limi bo‘limlarining vasiylik va homiylik masalalari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarining ish samaradorligiga, pirovardida Prezident qarorida nazarda tutilgan yetim bolalar va ota ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyasini ta’minlash borasidagi ishlarni belgilangan tartibda bajarilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning boshqa hujjatlari ijrosini ta’minlashda ham kamchilikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashda ham qator kamchiliklar mavjud.
Farmon bilan 2021 yil 1 yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga «Sport targ‘ibotchisi» qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash joriy etilgan.
Belgilangan vazifani jamoatchilik asosida emas, aynan bir xodimga qo‘shimcha vazifa yuklash orqali mehnat jamoalarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish tadbirlari natijadorligini oshirish ko‘zda tutilgan edi.
Afsuski, xalq ta’limi boshqarmasining o‘zida ham farmonning ushbu bandi ijrosi ta’minlanmagan. Boshqarmaning 2020 yil 10 dekabr kungi
667-k-son buyrug‘i bilan boshqarma metodik xizmat bo‘limi jismoniy tarbiya va chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha metodisti U.Mamajanovga “Sport targ‘ibotchisi” qo‘shimcha vazifasi yuklatilgan bo‘lsada, xodimga shu kunga qadar 20 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama to‘lanmagan. Bu kabi kamchilik tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarida ham takrorlangan.
Bundan tashqari, o‘rganish davomida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlarida davlat xaridlarini amalga oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash bilan bog‘liq bir qator qonunchilik va Prezident hujjatlari ijrosi ham to‘liq ta’minlanmaganligi aniqlanib, boshqarma va uning hududiy bo‘limlariga hujjatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan taqdimnomalar, shuningdek, mutasaddi idoralarga ma’muriy takliflar kiritildi.
Sarvarbek QOBILJONOV,
Andijon viloyati adliya boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
O‘zA