Mamlakatimizda iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz raisligida joriy yil 11 may kuni hududlarda energiya ta’minoti va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu boradagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi.
Iqtisodiyotimiz rivoji, xalqimiz turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadigan energiya ta’minoti masalasi Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashi yig‘ilishida ham ko‘rib chiqildi, Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon viloyatida 2023 yilda hisob-kitoblar bo‘yicha elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 6 milliard 250 million kVt soat bo‘lib, markazlashgan holda yetkazib berish rejasi 5 milliard 845 million kVt. soatni, kutilayotgan defitsit 405 million kVt. soatni tashkil etadi.
Ana shundan kelib chiqib yetishmayotgan defitsitni qoplash bo‘yicha qo‘shimcha 508 million kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqib, yuzaga keladigan defitsitni 103 million kVt. soat ortig‘i bilan qoplash bo‘yicha aniq hisob-kitoblar qilindi. 2023 yil viloyatda jami 570,4 million kVt.soat elektr energiyasi, 221,6 million kub-metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining “Viloyat aholisi va ijtimoiy soha obektlarini 2023 yilda energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash to‘g‘risida” gi qarori bilan dolzarb masalaga oid istiqboldagi vazifalar tasdiqlandi. Xususan, viloyatda energiya tejamkorlik va energiya resurslardan oqilona foydalanish orqali belgilangan chora-tadbirlarni bajarish natijasida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 9,8 foiz, tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha 18,9 foiz iqtisod qilishga erishiladi. Ushbu iqtisod manbalari har bir iste’molchi kesimida hisoblanib, ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Bundan tashqari, 2023 yil uchun viloyatdagi har bir mahallaning elektr va gaz xo‘jaligini 2023/2024 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorlash, quyosh panellari va quyosh suv isitish kollektorlarini o‘rnatish hamda boshqa texnik tadbirlar bo‘yicha rejalari ham ishlab chiqilgan.
Viloyat elektr va gaz xo‘jaligini 2023/2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash doirasida 2 ming 201,2 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘ini joriy, 1 ming 700,2 kilometr tarmoqni mukammal, shuningdek, 1 ming 368 ta transformator punktini joriy, 716 tasini mukammal ta’mirlash, shu bilan birga, 9,2 kilometr uzunlikdagi gaz tarmog‘ini mukammal ta’mirlash va rekonstruksiya qilish hamda 12 ta gaz taqsimlash punktini mukammal ta’mirlash orqali iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazib berishdagi uzilishlar bartaraf etilishi belgilangan.
Jami 80 ta muassasa, shu jumladan 56 ta umumta’lim maktabi, 9 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 15 ta tibbiyot muassasasi, shuningdek, 15 ta issiqxona xo‘jaligi, 4 ta sement, 1 ta ohak ishlab chiqaruvchi korxona tabiiy gazdan ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilib, ular iste’mol qilayotgan tabiiy gaz birinchi navbatda aholiga yetkazib beriladi. Energiya resurslari ta’minoti korxonalari tomonidan tarmoqlarda yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar asosida 73,2 million kVt soat elektr energiyasi, 1,9 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Ijtimoiy soha ob’ektlari, davlat idoralari binolari hamda aholi xonadonlariga quyosh panellari, geliokollektorlarni o‘rnatish natijasida 37,8 million kVt soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Shuningdek, viloyatda energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona foydalanishni “Umummilliy harakat” darajasiga ko‘tarish maqsadida “Energiya resurslarini kelajak avlodlar uchun ham asraylik!” shiori ostida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish belgilangan.
Andijon tumani “Yangi Andijon” shaharchasidagi ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlarini kafolatli issiqlik bilan ta’minlash uchun qurilayotgan 20 megavatt quvvatli ko‘mirda ishlaydigan kogeneratsiya loyihasi joriy yilning sentyabr oyiga qadar ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Xitoy Xalq Respublikasining "POWERCHINA INTERNATIONAL GROUP LIMITED" kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Andijon viloyati hokimligi o‘rtasida quvvati 400 MVtga teng fotoelektr stansiyasi qurish bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolangan. Joriy yilda mazkur stansiyaning bir qismi ishga tushirilishi, 100 MVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” Andijon filiali tomonidan eskirgan tarmoqlar va transformatorlar to‘la xatlovdan o‘tkazilishi, yangilariga almashtirilishi, yil yakuniga qadar tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish hisobiga 66,8 million kVt. soat energiyani tejash bo‘yicha ham choralar belgilangan.
Xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ishlar amalga oshirilishi bilan viloyat aholisining energiya ta’minoti bo‘yicha muammolari ijobiy yechim topadi, turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi.
Diyorbek Turg‘unov,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Andijon viloyati bo‘linmasi rahbari
O‘zA