Andijonda “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kuz-qish mavsumida viloyat aholisi va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, bu xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta’kidlandi.
Anjumanda Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, uning tuman, shahar tizimlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida va bugungi kunda amalga oshirilgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berildi. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida iste’molchilarga 3 million 284,2 kVt-soat yoki 1 trillion so‘mlik elektr energiyasi yetkazib berilganligi qayd etildi.
Joriy yilda Andijon shahridagi “Kamolot”, Andijon tumanidagi “Oxunboboyev”, Izboskan tumanidagi “Paxtakor”, Jalaquduq tumanidagi “So‘fiqishloq”, Asaka tumanidagi “Fayzobod” nimstansiyalariga yanada yuqori kuchlanishli transformatorlar o‘rnatildi. Natijada mazkur hududlarda elektr ta’minoti yaxshilandi.
[gallery-235]
“Past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” dasturi doirasida 579,6 kilometr elektr tarmog‘i tortildi, 206 ta transformator punktida qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarildi. Yil yakuniga qadar yana 366,5 kilometr masofaga yangi elektr tarmog‘i tortish va 88 dona transformator o‘rnatish belgilangan.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 1 ming 585,1 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 581 dona transformator punkti hamda 700 ta tarmoq transformatori mukammal ta’mirlandi.
Kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish, yuzaga kelgan nosozlik va avariya holatlarini qisqa muddatlarda bartaraf etish maqsadida navbatchilik, alohida brigadalar tashkil etildi, shuningdek, zarur barcha jihozlar bilan ta’minlangan 41 ta maxsus avtotransport vositasi shay holga keltirildi.
Iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligiga qaramasdan, ayni kunlarda uzilishlar bo‘layotgani, bu kabi holatlarning sabablari xususida fikrlar bildirildi. Xususan, elektr energiyasi bo‘yicha 273 milliard qarzdorlik mavjudligi, viloyatdagi mavjud elektr uzatish tarmog‘lari hamda nimstansiyalarning 30 foizi ta’mirga muhtoj yoki yangilanishi zarurligi ta’kidlandi.
Iste’molchilarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish va mablag‘larni undirish maqsadida Andijon, Xonobod shaharlari, Andijon, Asaka, Xo‘jaobod tumanlarida ASKUE tizimiga mos keluvchi 376 ming 431 dona zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatildi. Yil oxirigacha yana 175 ming donadan ortiq ana shunday hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Xo‘jaobod tumanida umumiy loyiha qiymati 3 milliard so‘m bo‘lgan yiliga 16 ming dona temir-beton ustunlar ishlab chiqarish quvvatiga ega korxona barpo etilmoqda. Ushbu korxona ishga tushishi bilan ana shu mahsulotni respublikamizning boshqa hududlaridan olib kelish harajatlari tejaladi, 20 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati qoshida travers va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Mazkur sexda elektr tarmoqlari tizimi ish jarayonida keng foydalaniladigan uskunalar, ya’ni OG-1, OG-2, M-1, M-3 va boshqa turdagi temir qurilmalar tayyorlanmoqda. Bu bilan tizimdagi ana shu mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyoj qoplanmoqda.
Matbuot anjumanida “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi”ning kelgusidagi rejalari haqida ham ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA