Andijonda so‘nggi uch yilda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi bir necha barobarga ortdi. Bu borada maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar muhim ahamiyat kasb etayotir.
Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “2017 – 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish va uning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Mazkur hujjat asosida yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish, mavjud muassasalarni rekonstruksiya qilish, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini tubdan yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni tatbiq etish, bolajonlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Andijonda mazkur yo‘nalishda keyingi uch yil ichida bir necha o‘n yillar davomida qilinmagan ishlar amalga oshirildi. Agar faktlarga murojaat etadigan bo‘lsak 2018 yil boshida viloyat bo‘yicha jami 451 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bola qamrovi 61 ming 562 nafarni, ya’ni 27,7 foizni tashkil etgan.
bugungi kunga kelib, viloyatdagi 2 ming 200 dan ziyod davlat, xususiy, davlat xususiy sherikchilik asosidagi va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlariga viloyatdagi 3-7 yoshli bolalarning 164 ming 466 nafari yoki 62,4 foizi qamrab olindi.
Birgina keyingi bir oy ichida 500 dan ziyod davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshlaganligi viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlarga alohida e’tibor qaratilayotganligini ko‘rsatadi. Ta’kidlash joizki, bag‘riga 12 mingdan ziyod bolani olgan ana shu ta’lim-tarbiya maskanlarining ishga tushishi bilan minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Yana bir e’tiborli jihat, ya’ni shu vaqtga qadar hududida maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lmagan 20 ta mahallada 36 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilib, ularga 900 nafardan ziyod bola qamrab olindi.
[gallery-2820]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA