Andijonda viloyatdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va istiqboldagi rejalarga doir matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
– Viloyatda avtomobil yo‘llari tarmog‘i 13 ming 346 kilometrni tashkil etadi, – deydi Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirzohidjon Nurmatov. – Shundan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari 2 ming 463 kilometrni, 10 ming 883 kilometri esa ichki yo‘llarni tashkil etadi. Ana shu yo‘llarning holati va sifatini yaxshilash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
2023 yilda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlariga 780,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ana shu mablag‘ hisobiga o‘tgan yili jami 1 ming 628,9 kilometr yo‘l ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi.
Anjumanda yo‘llarni ta’mirlash ishlari 2022 yilga nisbatan 2,5 barobarga ortganligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, anjumanda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qayta qurish, ta’mirlash va saqlash ishlariga 245,1 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 414,6 kilometr masofadagi avtomobil yo‘llarining holati yaxshilanganligi, 6,3 kilometr masofadagi yo‘llarda qayta qurish ishlari bajarilganligi qayd etildi.
[gallery-15642]
Bundan tashqari, ta’mirlash va saqlash ishlariga 172,5 milliard so‘m sarflanib, 408,3 kilometr avtomobil yo‘li ta’mirlandi, 2 ming 402 kilometr yo‘lning holati yaxshilandi. Natijada 155 ta mahalla hududidan o‘tgan yo‘llarda transport vositalarining erkin harakatlanishi ta’minlandi.
O‘tgan yil davomida viloyatdagi ichki yo‘llarning 1 ming 52,2 kilometriga asfalt, 84,3 kilometriga sement-beton qoplamasi, 78,8 kilometriga shag‘al yotqizildi. Ushbu ishlar uchun qariyb 535,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
“Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida o‘tgan yili 262,3 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar ta’mirlandi. Shuningdek, tadbirda ko‘priklarni ta’mirlash va tiklash ishlariga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi aytib o‘tildi, Xususan, o‘tgan yil davomida umumfoydalanish yo‘llari ustiga qurilgan 6 ta, ichki yo‘llarga qurilgan 10 ta ko‘prik ta’mirlangan.
Anjumanda mutasaddi va mutaxassislar tomonidan joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar rejasi haqida ham ma’lumot berildi.
Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i M. Nurmatov jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi. Avtomobil yo‘llari bilan bog‘liq muammo, xato va kamchiliklarni aniqlash, keng jamoatchilikka yetkazish va ijobiy hal etishda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan yaqin hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari