Andijon viloyatida joriy yilning 1 yanvar holatiga jami aholining 83,5 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan.
2017-2021 yillarda ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari sohasida amalga oshirilgan ishlarga jami 517,3 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 1 ming 798 kilometr ichimlik suv, 36 kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi hamda 120 dona ichimlik, 2 dona oqova suv tozalash inshootlari qurib, foydalanishga topshirildi.
Natijada 2017 yilda aholining markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 69 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib, bu ko‘rsatgich 90 foizgacha yetkazildi. O‘tgan 5 yil mobaynida hududdagi 237 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 314 ming aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.
Andijon viloyatida birgina joriy yilning o‘zida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadlari uchun 162,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 60 ta maxallada 426,3 kilometr ichimlik va oqava suv tarmog‘i kurilmoqda.
[gallery-4152]
2022-2026 yillarda barcha manbalar xisobidan viloyatda 848,9 kilometr ichimlik, 56,0 kilometr oqova suv tarmoqlarida qurilish-ta’mirlash ishlari, shuningdek, 29 dona ichimlik, 3 dona oqova yangi suv inshootlarni qurish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Viloyat hududida yil davomida hosil bo‘ladigan chiqindilar umumiy miqdori 1 million 163 ming tonnani tashkil etadi. Shundan, 913 ming tonnani maishiy, 250 ming tonnani esa sanoat chiqindisi tashkil etadi. Joriy yilda aholini sanitar tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 21 foizdan 89,2 foizga yetkazildi.
Viloyatda 17 ta maishiy chiqindi hamda 2 dona qurilish chiqindilari poligoni mavjud bo‘lib, maishiy chiqindi poligonlarinig umumiy maydoni 61,8 gektarni tashkil etadi. Viloyat hududida 59 ta chiqindi yig‘ish maydonchalari va 735 ta chiqindi konteynerlari mavjud. Viloyatdagi mavjud 882 ta mahallaning 785 tasiga (89,0 foiz) sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatiladi.
Ayni kunda viloyatda hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan 13 ta korxona shug‘ullanib keladi. Ular bir yilda o‘rtacha 256 ming tonna polietilen, qog‘oz va boshqa chiqindilarni qayta ishlash imkoniga ega.
Viloyatda 2021 yil davlat dasturiga asosan, 30 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar, 4 ta kompaktor va 74 ta chiqindi konteynerlari sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunga qadar 30 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar hamda 74 ta konteynerlar sotib olingan.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA