English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 86 ta mahallaga elektr energiyasi yetkazib berish yanada yaxshilanadi
17:12 / 2025-08-08

Mamlakatimizda iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Aholi xonadonlari, ishlab chiqarish korxonalari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash borasida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali, tuman, shahar elektr ta’minoti korxonalari tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, keyingi yillarda viloyatda elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha e’tiborga molik qator ishlar amalga oshirilmoqda.  

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon viloyatida 86 mahalla tanlab olingan. Ana shu mahallalar infratuzilmasini yaxshilash uchun 285 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.  

Tanlab olingan mahallalarga elektr energiyasi barqaror yetkazib berilishini ta’minlash, ya’ni 181 ta transformatorni yangilash, 338,4 kilometr uzunlikdagi elektr tarmog‘ini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun 80 milliard 409 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.  

Dastur doirasida yilning birinchi yarmida 83 ta mahallaga 7 ming 205 dona temir-betonli ustun o‘rnatildi, 177,6 kilometr uzunlikda elektr tarmog‘i tortildi, 112 dona yangi transformator punkti barpo etildi.

Bundan tashqari, 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 2 ming 146,4 kilometr uzunlikdagi 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini, 835 dona transformator punktini mukammal ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilning birinchi yarmi davomida 1 ming 753 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 630 dona transformator mukammal ta’mirlandi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun 1 milliard 809 million so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada viloyatning turli hududlarida yashovchi 68 ming nafardan ziyod aholi xonadonlarining elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilandi.

Viloyatda iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash, qarzdorlikni kamaytirish borasida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. “Energosavdo” filiali Andijon bo‘linmasi tomonidan 2025 yilning birinchi yarmida yetkazib berilgan jami 1 trillion 291 milliard so‘mlik elektr energiyasi uchun to‘lovlar iste’molchilardan to‘la undirib olindi.  

2025 yil 1 yanvar holatiga jami debitor qarzdorlik 576 milliard 872 mlillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 1 iyul holatiga debitor qarzdorlik 553 milliard 349 million so‘mni tashkil etdi yoki yil boshiga nisbatan jami qarzdorlik 23 milliard 523 million so‘mga kamaytirildi.  

2025 yil davomida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan (ASKUE) tizimi barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida tizimga mos kelmaydigan eski turdagi hisoblagichlarni yangi, zamonaviylariga almashtirish rejalashtirgan bo‘lib, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 4 ming dona eski hisoblagich ASKUE tizimiga mos keluvchi yangi, zamonaviy hisoblagichlarga almashtirildi.  

[gallery-24669]

Amalga oshirilgan yuqoridagi ishlar natijasida viloyatda aholi va ulgurja iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish sifati yanada yaxshilandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar reja asosida davom ettirilmoqda.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari