English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 67 ming nafardan ziyod bolajon 1-sinfga qabul qilindi
14:19 / 2025-09-02

Bugun 2025-2026 o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan butun yurtimizda bo‘lgani kabi Andijon viloyatidagi 763 ta umumta’lim, 1 ta Prezident maktabi, 17 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat hamda 42 ta nodavlat maktablarida “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirish, umumta’lim maktablari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qitish jarayoniga ilg‘or ish uslublari, pedagogik texnologiyalar, xorijiy tajribalarni tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda, keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda. Natijada mazkur yo‘nalishdagi ishlar yanada yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.  

Joriy o‘quv yili oldidan viloyatda 20 ta maktabda qurilish,  kapital-ta’mirlash, rekonstruksiya, ko‘plab maktablarda ta’mirlash  ishlari amalga oshirildi. Xususan, investitsiya dasturi doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari doirasida yangi 10,3 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi, 20 ta maktabning  quvvati oshirilib, shart-sharoitlari yaxshilandi. Umuman, bu yil maktablarda tahsil oladigan 628 ming nafardan ziyod o‘quvchiga sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zarur barcha shart- sharoitlar yaratildi.  

Joriy o‘quv yilida viloyat bo‘yicha jami 67 ming 191 nafar bolajon       1-sinfga qabul qilindi. Ularga 12 xil turdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘a”lari topshirildi.

Andijon shahridagi 19- umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida so‘z olgan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov o‘quvchi va pedagoglarni yangi o‘quv yili boshlanishi bilan muborakbod etib,  yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar xususida gapirdi.  

Mazkur maktabda 16,5 milliard so‘mlik qurilish, kapital ta’mirlash ishlari olib borildi, jumladan, 600 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurildi. Maktab jamoasi yangi o‘quv yilini butunlay yangicha qiyofa kasb etgan maktabda boshladi.  

–  Yangi o‘quv yilidan maktabimizga 129 nafr bolajon 1-sinfga o‘qishga qabul qilindi, – deydi Andijon shahridagi 19- umumta’lim maktabi direktori Malikaxon Pirmatova. – Umuman, joriy yilda maktabimizda 1 ming 285 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Kapital ta’mirlangan, yangi bino qurilgan maktabimizda o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan.  

Yaratib berilgan imkoniyatlar, qulayliklar uchun ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimiz rahbariga mingdan-ming rahmat. Biz maktab pedagogik jamoasi ana shu imkoniyatlarga munosib bo‘lish, o‘quvchilarga puxta va sifatli ta’lim berish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilamiz.  

[gallery-25117]

O‘quvchilar, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk qadam bosgan birinchi sinf o‘quvchilarida unutilmas taassurotlar qoldirgan birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyatdagi barcha maktablarda yuqori ko‘tarinkilik bilan bo‘lib o‘tdi.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari