Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 60 mingga yaqin ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi
16:01 / 2025-09-25

Davlat Kadastr agentligi hamda Kadastrlar palatasi Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan viloyatda xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish va huquqiy hujjatlashtirish ishlarining borishi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish maqsadida mazkur jarayon amalga oshirilayotgan Asaka va Shahrixon tumanlariga press-tur tashkil etildi.

Tadbirda ommaviy axborot vositalari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari vakillari, blogerlar ishtirok etdi. Unda ishtirokchilar 2024 yil 5 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishdi. 

Dastlab press-tur qatnashchilari Asaka tumanidagi Bahrin mahallasida bo‘ldi. Viloyat kadastr boshqarmasi tuman filiali mutaxassislarining xonadonma-xonadon yurib, xatlov ishlarini amalga oshirish jarayonlari bilan tanishdi. Jarayonda mutaxassislar belgilangan tartibda yerlarni o‘lchash, bino-inshootlar hududini aniqlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, xatlovning maqsadi, kadastr hujjatlarini tayyorlash, aholining bu boradagi bilim va tushunchalarini kengaytirish yuzasidan fuqarolar bilan suhbat, muloqotlar o‘tkazdi.   

– Mahallamizdagi 700 dan ortiq xonadonda 4 ming 300 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi “Bahrin” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Zafarbek Rahmonov. – Shu kunlarda kadastr idorasi mutaxassislari uyma-uy yurib, xatlovdan o‘tkazmoqda. Kadastr hujjatlari bo‘lmagan xonadonlarga belgilangan tartibda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bilan birga, noqonuniy egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlar aniqlanib, ularga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish bo‘yicha zarur bo‘ladigan hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. 

Tan olib aytish kerakki, fuqarolarning mulk huquqini mustahkamlash, bu boradagi huquqiy muammolarini bartaraf etishga qaratilgan xatlov jarayoni fuqarolarga katta qulaylik yaratmoqda. 

So‘ng press-tur ishtirokchilari viloyat kadastr boshqarmasi Shahrixon tuman filialida bo‘lib, xatlov jarayonining keyingi bosqichi – xatlov davomida tayyorlangan hujjatlarni “UZKAD” milliy kadastr tizimiga kiritish hamda “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuklash jarayonlari bilan tanishdi. Ushbu jarayonning shaffof, qonuniy va belgilangan tartiblar asosida olib borilayotganligi kuzatildi.

Shundan so‘ng mazkur filialda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi doirasida viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Anjumanda Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, Asaka, Shahrixon tuman filiallari mutasaddilari tomonidan yuqorida qayd etilgan qonunning mazmun-mohiyati, qonun ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

– Joriy yilda viloyatimizning 292 ta mahallasidagi xonadonlarni xatlovdan o‘tkazish va huquqiy hujjatlashtirish ishlari amalga oshirilishi belgilangan, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov. – Hozirga qadar 59 ming 768 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazildi. Ularning 37 ming 33 tasi “UZKAD” milliy kadastr tizimiga kiritildi. Shuningdek, 22 ming 110 ta ob’ekt “E’tirof” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuklandi. Hozirda 19 ming 325 ta ob’ekt bo‘yicha hujjatlar tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. 

[gallery-25453]

Shuningdek, anjumanda qonunga ko‘ra, yer va binolarni qonuniylashtirish tartiblari, to‘lovlar miqdori haqida ham ma’lumotlar berildi. Qonun ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan xatlov jarayoni aholining mulkiy huquqlarini mustahkamlashga, yer va binolarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni soddalashtirishga xizmat qilayotganligi, fuqarolarga katta qulaylik yaratayotganligi ta’kidlandi. 

Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillarining mavzu doirasidagi savollariga mutasaddilar batafsil javob qaytardi. 

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (foto), O‘zA