Andijon viloyatida 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ana shu xususda atroflicha so‘z yuritildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, xususan, ijtimoiy soha ob’ektlarini ta’mirlash, yangilarini barpo etish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, shag‘allash, asfaltlash, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi tarmoqlarini ta’mirlash, yangilash, yangi podstansiya, elektr tarmog‘i uchun beton ustunlar o‘rnatish, umuman, mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 25 oktyabrdagi “2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘taradi. Mazkur qarorda mamlakatimizdagi 5 ming 284 ta mahallada 6 ming 7 ta loyiha doirasida ichki yo‘llarni ta’mirlash, yangilash, ichimlik suv va oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga qaratilgan ishlarni moliyalashtirish va amalga oshirish belgilangan.
[gallery-9463]
Jumladan, mazkur qaror asosida Andijon viloyatidagi 473 ta mahallada ichki yo‘llarni, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv ta’minoti hamda oqova suv tarmoqlarini yaxshilashga qaratilgan umumiy qiymati 581 milliard so‘mga teng 527 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan.
– Qarorda belgilangan ishlarning amalga oshirilishi bilan mahallalarimizdagi 527 muammo ijobiy hal etiladi, – deydi viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov. – Bu mahallaga, joylardagi muammolarni bartaraf etishga berilgan katta e’tibor, imkoniyatdir. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan olib borilayotgan bu ishlar shubhasiz, odamlarimizning o‘z hayotidan, bugunidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga, davlatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda yuqorida qayd etilgan qaror asosidagi ishlarni samarali tashkil etish, sifatli bajarish yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
F. UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA