Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 44,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan
16:32 / 2021-04-02

Kadastr agentligining Andijon viloyati boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurib olinishining oldini olish, davlat kadastrlarini yuritish tartibiga rioya etilishi hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 24 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan yerlardan samarali va oqilona foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini asrab-avaylash yuzasidan o‘tkazilgan monitoring natijasida joriy yilning birinchi choragida viloyatda 133 ta holatda 44,7 gektar yer maydoni hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi.  

– Tahlillarga ko‘ra, ana shu yer maydonlarining 5,21 gektari uy-joy va noturar ob’ektlar qurish, 0,8 gektari dehqon xo‘jaligi sifatida foydalanish, 36,6 gektar baliq hovuz tashkil etish hamda 2 gektari boshqa maqsadlarda foydalanish uchun egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Fayoziddin Berdiqulov.

 – O‘zboshimchalik bilan egallab olingan maydonlarni 20,8 gektari ekin yerlar, 3,1 gektari ko‘p yillik daraxtzorlar, 0,04 gektari yaylovzor, 21 gektari esa boshqa yerlarni tashkil etgan.  

Aniqlangan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimliklariga 52 ta, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 47 ta taqdimnoma, shuningdek, 14 ta holatdagi qonunbuzilishlarga chora ko‘rish yuzasidan tegishli sudlarga da’vo arizalar kiritildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 11 ta qonunbuzilish holati bartaraf etilib, yer maydonlari oldingi holatiga qaytarildi.  

–O‘tkazilgan monitoring natijalari yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy foydalanish holatlari o‘tgan yilga nisbatan birmuncha kamayganligini ko‘rsatadi. Masalan, 2020 yil davomida jami 780 ta holatda 80 gektar maydonlarni hujjatlarsiz, o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlangan edi.  

Aniqlangan noqonuniy holatlarni bartaraf etish maqsadida olib borilgan ishlar natijasida 320 ta holat bo‘yicha 43,4 gektar yer maydonidan foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzilishlar bartaraf etilgan. Shuningdek, bu kabi holatlarni majburiy tartibda bartaraf etish yuzasidan 460 ta holatda tegishli sud organlariga da’vo arizalari kiritilgan.

Bundan tashqari, 76 nafar yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksga asosan, 465 nafar yerdan foydalanuvchi egaligidagi 114,2 gektar maydonni, ya’ni “Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuzasidan murojaat etmagan jismoniy shaxslar”ga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Yerlardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman va shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.  

Tizim xodimlari tomonidan yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, o‘zboshimchalik bilan imoratlar qurish, davlat kadastrini yuritish tartiblariga rioya etilishi, ayniqsa, ekin ekiladigan qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali, qonuniy foydalanish bo‘yicha aholi, mutasaddilar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilayotganligi, bu boradagi salbiy holatlarni bartaraf etishga yordam bermoqda.  

Umuman, Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi hamda uning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan yer va bino-inshootlar hisobini yuritish, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, bu boradagi qonunlarga amal qilish, tegishli qarorlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha zarur barcha ishlar belgilangan tartiblar doirasida olib borilmoqda.  

                                                                                                                                                                                                                                  Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA