Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan sud hujjatlariga asosan belgilangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashni paysalga solayotgan jismoniy va yuridik shaxslardan qarzlarni undirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq 10 ming 425 ijro hujjati bo‘yicha jami 445 milliard 217 million so‘m qarzdorlik undirildi.
Soliq qarzdorliklarini o‘z vaqtida to‘lamagan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan Byuro xodimlari tomonidan ta’sir choralari ko‘rilib, qarzdorlik ularning mol-mulkiga qaratilmoqda. Xususan, viloyatdagi qarzdor shaxslardan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish bo‘yicha 55 milliard 82 million so‘mlik mol-mulk sotuvga chiqarilgan.
Byuroning Andijon tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan ijro hujjatlari bo‘yicha 37 ta fermer ho‘jaligidan tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga jami 5 milliard 159 million 93 ming 769 so‘m miqdoridagi soliq qarzlarini undirish ko‘rsatilgan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida 5 milliard 159 million so‘mdan ziyod qarzdorlik tuman davlat soliq inspeksiyasi foydasiga undirib berildi. Jumladan, “Rahmatillo” fermer xo‘jaligidan 207 million 552 ming 900 so‘m, “Nodir Mirishkor” fermer xo‘jaligidan 198 million 942 ming 187 so‘m, “AZIMOV NEMATI” fermer xo‘jaligidan 154 million 157 ming 149 so‘m soliq qarzlari undirilishi ta’minlandi
F. UBAYDULLAEV,
O‘zA