Andijon viloyatida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash, oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Oilalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatdagi mavjud 975 mingga yaqin oilaning har biri o‘rganib chiqildi. Oilalar vakillari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda o‘sha oiladagi muhit, shart-sharoit, muammo va kamchiliklar aniqlanib, imkon qadar bartaraf etildi. Ayniqsa, nizoli oilalar bilan ishlash, ajralishlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Viloyatimizda 2025 yilda oilaviy ajrimlar avvalgi yilga nisbatan 21 foizga kamaygan bo‘lsa-da, ajralish holatlari baribir yuqoriligicha qolmoqda.
Oilaviy ajralishlarning sabablari tahlil etilganida, oila qurgan yoshlarning 7,1 foizi oilaviy hayotga tayyor emasligi, 5,6 foizi farzandsizlik, 3,3 foizi spirtli ichimlik ichish yoki giyohvandlik ta’siriga tushib qolish, 3,2 foizi tazyiq va zo‘ravonlik, shu bilan birga, telefon, internetning ta’siri, moddiy va moliyaviy qiyinchilik, mehnat migratsiyasi yoki uzoq vaqt birga yashamaslik singari qator holatlar tashkil etdi.
Tahlillardan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishdagi holatni yaxshilash maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilanib, tizimli ishlar olib borildi. Jumladan, viloyatdagi notinch, ajrim yoqasida turgan, turli muammolari bo‘lgan oilalar bilan bevosita ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Mahallalarda faoliyat olib borayotgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiya”lari, “Keksalar maslahat guruhlari”, “Ota-onalar universiteti”, “Ayollar maslahat kengashi”, “Oqila ayollar harakati” kabi jamoatchilik tuzilmalari tomonidan oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritalar ishlab chiqilib, oilalarda tinchlik-xotirjamlik, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot-tushuntirish ishlari doimiy o‘tkazib borilmoqda.
Ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida viloyatdagi 5 ming 580 ta nizoli va ajralish yoqasida turgan oilaning 4 ming 773 tasi yarashtirildi.
Bundan tashqari, nikoh qurish arafasidagi yigit-qizlar tuman, shahar oila va xotin-qizlar bo‘limlari tomonidan maxsus o‘quv kurslarida o‘qitilmoqda. Mutaxassislar, otinoyilar, imomlar tomonidan ularga oilaning muqaddasligi, kelin yoki kuyovning mas’uliyati, burchi, oilaning boshqa a’zolari bilan munosabati, oila byudjeti singari qator mavzularda bilimlar berilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 10 maydagi “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan asrash, shuningdek, zarur ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyatida o‘tgan 2025 yilda oilaviy tazyiq va boshqa sabablar tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan 8 ming 389 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi, zarur yordamlar ko‘rsatildi.
Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan oilada va jamiyatda ayollar hamda bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, o‘tgan yili 268 ta korxona va tashkilotda, 619 ta ta’lim muassasasida hamda 909 ta mahallada targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Biz oldimizga qo‘ygan asosiy maqsad – viloyatimizdagi har bir oilaning tinchligi va xotirjamligini ta’minlash, uni mustahkamlash hamda har bir fuqaroning hayot sifati va roziligini yuksaltirishdan iborat.
Feruzaxon Rustamova,
Andijon viloyati hokimining
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
O‘zA