Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 3 ming 185 nafar ayolga himoya orderi berildi
15:45 / 2022-12-28

Mamlakatimizda xotin-qizlar, xususan, qiyin turmush sharoitiga tushib qolgan, turli tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayollarning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Belgilangan reja asosida mas’ullar, mutasaddi tashkilotlar vakillari hamkorligida tuman va shaharlarda xotin-qizlar jinoyatchiligi, oilaviy ajrim yoki ajrim yoqasidagi, notinch oilalarning salmog‘i ko‘p bo‘lgan mahallalarda tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi, mavjud muammolarni hal etish choralari ko‘rildi.  

O‘rganishlar, tadbirlar doirasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, ayniqsa, oilaviy va boshqa turli tazyiqlarga uchragan, odam savdosidan aziyat chekkan ayollarning huquq hamda manfaatlari, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni odatiy hayotga qaytarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

– Viloyatdagi alohida guruhga kiruvchi, ya’ni jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, probatsiya hisobida qayd etilgan, oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etgan, turli salbiy illatlar girdobiga tushib qolgan, huquqbuzarliklar sodir etishga moyilligi bor, ajrim yoqasida turgan, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonliklarga uchragan xotin-qizlar bilan tizimli ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati IIB Huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi muhim ishlar bo‘yicha inspektori, mayor Ibodatxon Yo‘ldosheva. – Joriy yilning o‘tgan 11 oyi davomida ana shu toifadagi ayollarning 3 ming 185 nafariga himoya orderi berildi va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Himoya orderlari berish orqali 3 ming 30 ta oiladagi ijtimoiy-ma’naviy muhit yaxshilandi, 1 ming 327 ta oiladagi nizolar bartaraf etildi. Shuningdek, 1 ming 703 ta ajrim yoqasidagi oila yarashtirildi. Himoya orderi bilan belgilangan cheklovlarga rioya qilmaslik bo‘yicha 176 ta holat aniqlanib, bunga yo‘l qo‘ygan 103 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi.  

Viloyatda turli tazyiq va zo‘ravonliklarga uchragan, umuman, alohida ko‘makka muhtoj xotin-qizlarning himoyasini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil va tizimli ravishda olib borilmoqda.  

 

Faxriddin Ubaydullayev,  

O‘zA