Andijonda 22 ming 753 xonadon ichimlik suvi bilan taʼminlandi
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha Andijon viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu yilning 17-iyul kuni Prezidentimiz rahbarligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida hududlarda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, ichimlik suvi boʻyicha toʻlovlarni tartibga solish masalalari muhokama qilinib, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini taʼminlash, mazkur yoʻnalishdagi ishlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha Andijon viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda isteʼmolchilarga suv tarmogʻini xonadonlarga olib kirish, har bir xonadon suv tarmogʻiga zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatish ishlari olib borilmoqda.
Masalan, Paxtaobod tumanida joriy yilning oxiriga qadar 785 ta xonadonga suv tarmogʻi olib kirish rejalashtirilgan boʻlib, ayni paytgacha 582 ta xonadonga ichimlik suvi olib kirildi. Belgilangan tartibda suv joʻmraklari, zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatildi. Ayni paytda tumanning Shovruq, Ziyoli va Toʻqqizbogʻ mahallalaridagi 200 ta xonadonda yangi loyiha asosida suv bilan taʼminlash ishlari bajarilmoqda. Ichimlik suvini xonadonga kiritish, hisoblagichlar oʻrnatish yuzasidan aholi oʻrtasida targʻibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
– Koʻp yillardan buyon koʻchadagi umumiy joʻmrakdan suv tashib ichganmiz, – deydi Toʻqqizbogʻ mahallasida yashovchi Fazilatxon Egamberdiyeva. – Oilada besh kishi boʻlganimiz holda suv uchun bir oyda 17,5 ming soʻm pul toʻlar edik. Xonadonimizga suv tarmogʻi kiritilib, hisoblagich oʻrnatilgandan keyin koʻrsatgichi boʻyicha 3 ming soʻmdan ortiqroq toʻlov qildik. Suv hisoblagich oʻrnatilishi bilan maʼlum miqdordagi mablagʻ iqtisod qilinadi, qolaversa, suv uchun koʻchaga chiqib ovora boʻlishga hojat qolmadi.
Andijon viloyatida 2021-yilning oxiriga qadar hovli-joy boʻlgan barcha xonadonlarga ichimlik suvi tarmogʻini olib kirish ishlarini yakunlash rejalashtirilgan. Hozirga qadar viloyat boʻyicha 22 ming 753 ta xonadonda bu ishlar nihoyasiga yetkazildi. Andijon, Xonobod shaharlari, Paxtaobod, Izboskan, Qoʻrgʻontepa tumanlarida bu boradagi ishlar 30-35 foizga bajarildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida hududlarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, aholiga sifatli xizmat koʻrsatish, shu bilan birga, toʻlov tizimini tartibga solish ishlari yana-da yaxshilanadi.