Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 2022 yilda 282 million dona tuxum yetishtiriladi
14:17 / 2022-01-04

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda Andijon viloyatiga tashrifi davomida aholining bandligini ta’minlash orqali daromadini oshirish, xususan, aholi xonadonlarida 2 million bosh parranda boqishni tashkil etish borasida topshiriq va vazifalar belgilab bergan edi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar, amaliy ishlar natijasida viloyatdagi ishsiz, daromadi past bo‘lgan oilalar hamda parranda boqish istagidagi 17 ming 939 ta xonadonda parranda boqish yo‘lga qo‘yilib, ana shu xonadon sohiblarining daromad manbai shakllantirildi. Bundan tashqari, Shahrixon tumani “Oq oltin” mahallasidagi 107 ta xonadonda “Vodiy Invest Ziynati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kooperatsiya usulida parrandachilik tashkil etildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish borasidagi ishlar joriy – 2022 yilda ham izchil davom ettiriladi. Mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat olib borayotgan hokim yordamchilari orqali tomorqasi bor xonadonlarga 100 boshdan parranda, 20 boshdan quyon, 5-6 boshdan qo‘y-echki, 5-10 boshdan kurka va 5 tadan asalari uyasi tarqatib, boqilishini tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. 

Ushbu ishlarni tashkil etish maqsadida viloyatdagi 870 ta mahallada parrandachilik kooperativlari tashkil etiladi. Bu borada aholi xonadonlariga 100 boshdan parranda tarqatish ishlarini 3 bosqichda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Jumladan, birinchi bosqichda 870 ta mahalladagi 15 tadan, jami 13 ming 50 ta ehtiyojmand oila xonadoniga 1 million 305 ming bosh parranda tarqatiladi. 

Ikkinchi bosqichda boshqarma, tashkilot va muassasalarning ehtiyojmand ishchi-xodimlarining xonadonida parranda boqish tashkil etiladi. Hozirda viloyatdagi 145 ta boshqarma, tashkilot va muassasalarda ish olib borayotgan 10 ming 701 nafari ehtiyojmand ishchi-xodim qayd etilgan bo‘lib, ulardan 9 ming 792 nafari hovli uyda istiqomat qiladi, ya’ni paranda boqish imkoniga ega. Ana shu oilalarga 1 million bosh parranda tarqatiladi. 

Aholi xonadonlariga xonaki parrandalarni yetkazib berish uchun har bir mahallalarda 1 tadan kooperativ tashkil qilinib, ular tomonidan xonadonlarga xonaki tovuq, tovuqlar uchun katak va ozuqa-yem yetkazib beriladi. Xonadonlarda yetishtirilgan tuxumlar kooperativlar tomonidan sotib olinib, dehqon bozorlarda ular uchun ajratilgan alohida joylarda sotilishi yo‘lga qo‘yiladi. 

bugungi kunda “Xurshid tantanasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida aholiga tarqatish uchun 300 ming bosh xonaki tovuqlar parvarish qilinmoqda. Ushbu tovuqlar joriy yil 15 fevraldan aholi xonadonlariga tarqatiladi. Umuman, mahallalarda tashkil etiladigan kooperativlar hamda xonadonlarga tovuq yetkazib berish ishlarini samarali tashkil etish uchun “Xurshid tantanasi”, “Marhamat elit parranda” korxonalariga Belorus va Fransiya davlatlaridan 2,5 million dona xonaki naslli tovuq tuxumi hamda 30 ming dona qora kurka tuxumi olib kelish uchun viloyat mahalliy byudjetdan 10 milliard so‘m miqdorida ssuda mablag‘lari ajratib berildi. 

Yuqorida qayd etilgan ishlarni amalga oshirish natijasida viloyatdagi 15 ming 333 ta xonadonning daromadi oshiriladi, shu bilan birga, viloyatda yil davomida 282 million dona tuxum olishga erishiladi. 

 

Faxriddin UBAYDULLAEV, 
O‘zA