Yakunlangan 2021 yilda Andijonda 210 ming nafarga yaqin ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanib, viloyatda ishsizlik darajasi 10,2 foizdan 9,5 foizga kamaytirildi.
Andijon viloyatida joriy yilda ham aholi bandligini ta’minlash, daromadlarini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish belgilangan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda ishsizlar soni 130 ming nafardan ziyod, xorijga ishga ketganlar soni 200 ming nafardan ortiq, bu yil mehnat bozoriga kirib kelishi kutilayotgan yoshlar soni esa 51,6 ming nafarni tashkil etadi.
Shundan kelib chiqib, viloyatda 2022 yilda beshta yo‘nalishda 191 ming nafar ishsiz aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, yangi ish o‘rinlari quyidagi yo‘nalishlarda yaratilishi ko‘zda tutilgan:
- tadbirkorlikni rivojlantirish sohasida 36,3 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 855 milliard so‘m miqdorida moliyaviy resurs ajratiladi.
- hududiy Investitsiya dasturi doirasida 44 mingta;
- qurilish sohasida 14,4 mingta, shu jumladan, “Yangi Andijon” shahri qurilishi hisobiga 5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratiladi;
- xizmat ko‘rsatish sohasida 13 mingta;
- qishloq xo‘jaligi sohasida 84 mingta ish o‘rni yaratiladi. Xususan, 4,5 ming gektar paxta maydonlarini aholiga 10 sotixdan uzoq muddatli ijaraga berish orqali 45 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Umuman, joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar natijasida viloyatda ishsizlik darajasi 9,5 foizdan 8,7 foizga kamaytirilishi belgilangan.
F.Ubaydullayev, O‘zA