Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 17,5 mingdan ziyod oilaga yordam ko‘rsatildi
17:25 / 2023-08-26

“Mahalla” xayriya jamoat fondi Andijon viloyati bo‘limi tomonidan joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da belgilangan, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Jumladan, Xalq deputatlari shahar tuman kengashlarining qarorlari bilan tasdiqlangan ro‘yxatlarga asosan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turuvchi fuqarolarga zarur yordamlar ko‘rsatildi.

- Fondimiz hamda fondimiz qoshidagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ijtimoiy himoyaga, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand aholi vakillariga doimiy ravishda yordam ko‘rsatib kelinmoqda, - deydi “Mahalla” xayriya fondi Andijon viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Oybek Xudoyberdiyev. - Joriy yilning o‘tgan yetti oyida  ijtimoiy himoyaga muhtoj 17 ming 614 ta oilaga 19 milliard 19 million 666 ming so‘m miqdorida xayriya yordamlari ko‘rsatildi. 

[gallery-13282]

Viloyatdagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 10 ming 778 ta oilaga kundalik iste’mol tovarlari uchun 1 milliard 562 million so‘mdan ortiq, dori-darmon va tibbiy vositalar xarid qilish uchun 797 ta oilaga 2 milliard 513 million so‘mdan ortiq, moddiy yordam uchun 5 ming 164 ta oilaga 796 million 765 ming so‘m  miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.  

– Farzandim Azizbek Kozimjonov bolaligidan buyrak xastaligidan aziyat chekar edi, – deydi Andijon tumani, Daryobo‘yi mahallasida yashovchi D. Qo‘chqorova. – Shifokorlar unda jarrohlik amaliyotidan o‘tkazishni tavsiya etgan.  

Oilamiz moddiy jihatidan qiyin sharoitda yashaydi. O‘zimiz  operatsiya qildirib, davolatishga imkon qila olmadik. Yordam ko‘rsatishlarini so‘rab, “Mahalla”  jamg‘armasi viloyat bo‘limiga murojaat qildim. Mutasaddilarga mingdan-ming rahmat, yordamlarini ayamadi. Farzandimning operatsiyasi uchun 40 million so‘m o‘tkazib berildi.  

-  Hech bir insonning farzandi og‘rimasin ekan, - deydi Andijon shahri Bekguzar mahallasida yashovchi uy bekasi Shahnoza Botirova. – Farzandimni davolatish uchun men ko‘rgan qiyinchiliklar hech bir onaning boshiga tushmasin. Farzandimni operatsiyasi uchun 10 million so‘m pul o‘tkazib berilganida beixtiyor yig‘lab yubordim. Hukumatimizga, yaxshi insonlarga rahmat. Operatsiyadan so‘ng farzandim ancha sog‘aydi, bugun dunyoda mendan baxtli ona bo‘lmasa kerak.  

Bundan tashqari, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash, sog‘ligini tiklash, moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Temir daftari”da turuvchi 4 ming 233 ta oilaga 6 milliard 435 million 826 ming so‘m, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2 ming 39 nafar ayolni qo‘llab-quvvatlash uchun 2 milliard 871 million 600 ming so‘m mablag‘ sarflangan.   

Ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashish, ularning og‘irini yengil qilish, hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar barcha tuman va shaharlarda ham imkoniyat darajasida amalga oshirildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 maydagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Bo‘ston tumanidagi «Temir daftar»ga kiritilgan 40 ta ehtiyojmand oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.  

Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami oldidan o‘tkazilgan "Obodonlashtirish oyligi" doirasida Buloqboshi tumani "Mahalla" xayriya jamoat fondi tomonidan o‘ndan ortiq kam ta’minlangan oilalar va yakka yolg‘izlarning xonadonlarini obodonlashtirishga, uy-joylarini ta’mirlashga ko‘maklashildi, bir nechta oilaga qurilish materiallari olib berildi.  

- Moddiy imkoniyatimiz yo‘qligi sabab ancha yillardan buyon uyimizni ta’mirlay olmaymiz, - deydi Buloqboshi tumani, Sanoat mahallasida yashovchi Minavvarxon Karimova. – Nurab, hatto, ba’zi joylari qulab tushgan uyimizni ta’mirlashga “Mahalla” fondi yaqindan yordam berdi. Bizga sement, shag‘al, shifer singari qurilish materiallari olib berdi. Ilohim, mana shunday xayrli ishlarning boshida turgan Prezidentimiz, bu ishlarga o‘z hissalarini qo‘shayotgan barcha insonlar omon bo‘lsin.  

Xuddi shunday “Obodonlashtirish oyligi” doirasida Marhamat tumani “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan Barhayot, Shomot, Tosh yo‘li, Do‘stlik, mahallalarida yashayotgan bir guruh ehtiyojmand oilalarning uy-joylari ta’mirlab berildi, shuningdek, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Andijonda aholining ehtiyojmand qatlamlariga ko‘rsatilayotgan bu kabi yordamlar, olib borilayotgan xayrli va ezgu ishlar odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga, hayotidan rozi bo‘lib yashashlariga yordam bermoqda.    

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan yuqoridagi  kabi ishlar davom etmoqda.  

F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA