Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 13 ming 527 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi
16:38 / 2024-04-16

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu borada Andijonda ham viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar, Bandlik boshqarmalari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayni kunda Andijon viloyatida 1 million 675 ming nafardan ziyod xotin-qiz istiqomat qiladi. Shundan 930 ming nafardan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar tashkil etadi. Viloyatda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.  

– O‘tgan yilning dekabr oyida tasdiqlangan Bandlik dasturiga ko‘ra, joriy yilda 42 ming 335 nafar ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlash belgilab olingan, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova. – Jumladan, dastur doirasida xotin-qizlarning 7 ming 559 nafarini kasb-hunarga, 7 ming nafarini tadbirkorlikka o‘qitish, 12 ming 670 nafarini doimiy ishlarga joylashtirish, 10 ming 570 nafarini haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish, 4 ming 536 nafarini subsidiyalar berish orqali bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Joriy yilda ana shu yo‘nalishdagi ishlar reja asosida olib borilmoqda.  

Amalga oshirilgan ishlar natijasida viloyatda joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida 13 ming 527 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Jumladan, 2 ming 915 nafar opa-singlimiz doimiy ishlarga joylashtirildi. Shuningdek, 1 ming 436 nafar xotin-qiz yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, 4 ming 254 nafari o‘zini-o‘zi band qilish, 1 ming 184 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilish, 18 nafarining ishsizlik nafaqasi tayinlash orqali bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, 1 ming 206 nafar xotin-qiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitilgan bo‘lsa, 48 nafar ayolning bandligi dehqon xo‘jaliklari tashkil etish orqali ta’minlandi.  

Ana shu yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish uchun 2 ming 466 nafar xotin-qizga 28,6 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.  

Viloyatda opa-singillarimizning bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Xususan, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan shu yil 16-mart – 5-aprel kunlari viloyatda xatlov o‘tkazildi. Xatlov jarayonida viloyatdagi kambag‘al va daromadi past oilalar ro‘yxatiga kiritilgan 4 ming 344 ta oilada istiqomat qiluvchi 9 ming 97 nafar xotin-qiz bilan bevosida suhbat va muloqotlar o‘tkazildi, ularning imkoniyat hamda qiziqishlari o‘rganildi.  

Xatlov jarayonidagi o‘rganishlar natijasida 1 ming 941 nafar ayol o‘z xonadonida issiqxona tashkil etish, 1 ming 613 nafari parrandachilik, 1 ming 60 nafari chorvachilik, 509 nafari asalarichilik, 1 ming 1 nafari quyonchilik, 1 ming 950 nafari hunarmandchilik bilan shug‘ullanish, 1 ming 23 nafari boshqa turli yo‘nalishlarda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish orqali daromad topish imkoniyatlari borligini bildirdi.  

O‘rganish natijalaridan kelib chiqib, har bir mahallada opa-singillarimizning qiziqish va imkoniyatlari asosida “Har bir oila tadbirkor”, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturlari doirasida kreditlar ajratish, shuningdek, subsidiyalar taqdim etish va boshqa manbalar orqali ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda xotin-qizlar bandligini ta’milash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar reja asosida izchil davom ettirilmoqda.  

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari