Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijonda 11 ming nafarga yaqin yigit-qizning bandligi ta’minlandi
17:43 / 2024-08-08

2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili

Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal etish, o‘z imkoniyat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishiga ko‘maklashishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy  2024 yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlar davomiyligining bir misolidir.

Bugungi kunda Andijon viloyati aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi Andijonda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan.  

Andijon viloyati hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida yoshlarning muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirishga qaratilgan zarur ishlar olib borilmoqda.

Yil boshida viloyatdagi har bir mahallada xatlov o‘tkazilib, yoshlar yetakchilari tomonidan 15 ming 51 nafar ishsiz yoshning ro‘yxati shakllantirildi. Ana shu yoshlarning bandligini ta’minlash maqsadida fuqarobay yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, aniq rejalar belgilandi.  

–Olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida ro‘yxatga olingan ishsiz yoshlardan 10 ming 834 nafari yoki 72 foizining bandligi ta’minlandi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Xususan, ularning 2 ming 24 nafari korxona, tashkilot va muassasalardagi doimiy ish o‘rinlariga joylashtirildi, 1 ming  691 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 275 nafariga subsidiya ajratildi, 4 ming 488 nafariga dehqonchilik qilish uchun yer maydoni ajratildi, 297 nafariga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit taqdim etildi. Shuningdek, 2 ming 59 nafar yigit xohishiga ko‘ra harbiy xizmatga yuborildi.  

Bugungi kunda 8 ming 683 nafar yoshning bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.  

Viloyatda yoshlar bandligini ta’minlashda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida dehqonchilik qilish uchun yoshlarga yer maydonlari ajratib berilganligi ijobiy natijalar bermoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyatda 16 ming 669 nafar yoshga jami 2 ming 500 gektar yer maydoni ajratish belgilangan.

Hozirga qadar ye-auksion platformasiga 16 ming 390 ta lotlar qo‘yilib, 2 ming 544 gektar yer maydoni tanlovga chiqarilgan. Ko‘plab yoshlar tanlovda g‘olib bo‘lib, yer sohibiga aylangan.

–Tanlovda qatnashib, dehqonchilik qilish uchun xonadonimizga yaqin joydan 15 sotix yer oldik, – deydi Marhamat tumani O‘qchi mahallasida yashovchi Zulfira Tojimatova. – Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanishga harakat qilyapmiz. Nasib etsa, kuzda yerdan ikkinchi xosilni olamiz. Dehqonchilik ortidan oilamiz byudjetiga qo‘shimcha daromad kiryapti.  

Viloyatda yerdan samarali foydalanayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Biroq dehqonchilik qilish uchun yer ajratilgan ba’zi bir yoshlar yerdan samarali foydalana olmayapti. Yoshlar yetakchilari, mutasaddilar  tomonidan ana shu yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha monitoring yuritib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bu orqali mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligi yanada ortishi va haqiqiy holat bo‘yicha ma’lumotlar shakllanardi.  

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 336 nafar yoshning zamonaviy kasblarga o‘qishi, mahalliy va xalqaro olimpiadalarda qatnashishi uchun 1 milliard 956 mlillion so‘mdan ziyod xarajatlar “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

Shuningdek, yoshlarni brend loyihalarga qamrab olish maqsadida ularning 227 ming nafari “Ibrat farzandlari”, 47 ming nafari “Mutolaa”, 2 ming nafari “Uz chess”, 2,5 ming nafari “Ustoz E-Ay” loyihalariga jalb etildi.

Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 5 ming nafarga yaqin yosh til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi, “Mutolaa” loyihasi orqali 70 ming dona kitob o‘qildi.  

Viloyatda “Uychi” tajribasi asosida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Ishsizlikdan xoli hudud sifatida Oltinko‘l tumani tanlab olindi.

Tumandagi 59 ta mahallaga viloyat boshqarma va tashkilotlarining rahbarlari mas’ul etib biriktirilgan. Shuningdek, 12 ming 118 nafar ishsiz yoshlar qayta xatlovdan o‘tkazilib, ularning bandligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

[gallery-18643]

Amalga oshirilgan ishlar natijasida ishsiz yoshlardan 11,8 ming nafari yoki 97 foizining bandligi ta’minlandi. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida tumanda o‘zini-o‘zi band qilish bo‘yicha 7 ming 597 nafar, imtiyozli kredit ajratish yo‘nalishida 755 nafar, kasb-hunarga o‘qitish yo‘nalishida 182 nafar, subsidiya ajratish bo‘yicha 229 nafar, ishga joylashtirish bo‘yicha 595 nafar hamda yer ajratish bo‘yicha 1 ming 369 nafar yigit-qizning bandligi ta’minlandi.

Viloyatda professional ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, shuningdek, ularning istagiga qarab kasb-hunarga o‘rgatish, ta’limning keyingi bosqichiga jalb etish, bandligini ta’minlash borasida ham zarur barcha ishlar olib borilmoqda.

2024 yilda viloyatdagi 66 ta professional ta’lim muassasasini 16 ming 770 nafar yosh tamomladi. Ta’lim jarayonida ushbu bitiruvchilarning 11 ming 34 nafari “Ta’lim va mehnat bir maskanda” loyihasi doirasida viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalariga biriktirilib, kafolatli ish joyi bilan ta’minlandi.  

2023-2024 o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarning 11- sinfini  33 ming 784 nafar yigit-qiz tamomladi. Hozirga qadar 25 ming 996 nafar bitiruvchining bandligi ta’minlandi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyatida yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu eng avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, pirovardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga  xizmat qiladi.  

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari