“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining xabar berishicha, Andijon viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Ayni chog‘da Respublika ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy soha ob’ektlarida amalga oshirilgan tekshiruvlar shu sohadagi holatni aniqlash va mavsumga tayyorgarlikni baholashga qaratilgan.

Unga ko‘ra, to‘rt kun davomida 303 ta muassasa o‘rganilib, kamchiliklar va yechimlar aniqlandi. Tekshiruvlar davomida 1 212 ta kamchilik aniqlandi. Masalan, isitish tizimida 163 ta holat, qozonxonalarning energiya samaradorligi, ventillyatsiya va yong‘inga qarshi xavfsizlik choralari hamda yoqilg‘i zaxirasi bo‘yicha 196 ta kamchiliklar qayd etildi.

Shuningdek, ko‘mir saqlash omborlarining tayyorgarlik holati va ko‘mir zaxirasining yong‘inga qarshi saqlanishi bo‘yicha 183 ta hamda elektr tarmoqlarining ishchi holatdaligi va elektr taqsimlash qurilmalarida saqlagichlarning mavjudligi bo‘yicha 197 ta kamchiliklar aniqlandi.
Ishchi guruh aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi va bajarilishi nazoratga olindi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA