Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon viloyati hokimi “O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
13:45 / 2022-08-27

Andijon viloyati Shahrixon tumanida o‘zbek futbolining 110 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda futbol o‘yinlari rasman 1912 yildan o‘tkazila boshlangan. O‘sha paytda Farg‘ona, Qo‘qonda, keyinroq Andijon, Toshkent va Samarqandda futbol jamoalari tuzilib, uchrashuvlar o‘tkazilgan. 1928 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasiga asos solingan. Terma jamoa birinchi xalqaro o‘yinda Shveysariya jamoasiga qarshi maydonga tushib, 8:4 hisobida g‘alaba qozongan.

O‘zbek futbolining faxriylari, futbol mutasaddilari, muxlislari, xorvatiyalik mehmonlar ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan  Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov,  O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov o‘zbek futbolining tarixi va buguni haqida, shuningdek, millionlar o‘yini futbolni rivojlantirish borasida mamlakatimizda, xususan, Andijonda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.

– Viloyatimizda futbolni, ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tarbiyalash borasida juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Bugun viloyatdagi har bir mahalla yoshlarining futbol jamoasi shakllangan. Ular turli musobaqalarda ishtirok etib, millionlar o‘yinini ommalashtirishga hissa qo‘shmoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimizda uyushmagan yoshlar o‘rtasida kuni kecha yakunlangan “DXX kubogi” uchun o‘tkazilgan futbol musobaqalarida andijonlik yoshlar muvaffaqiyatli ishtirok eganligini alohida ta’kidlash o‘rinli. Jumladan, Baliqchi tumanidagi Ko‘l mahallasi jamoasi mazkur musobaqa finalida Toshkent shahridagi Paxta mahallasi jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, faxrli 1- o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga “O‘zbekiston futboli rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini topshirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Andijon” futbol jamoasi ham 1912 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jamoa dastlabki rasmiy uchrashuvini “Skobolev” (hozirgi “Neftchi”) jamoasiga qarshi o‘tkazgan. Jamoa 1950 yildan “Spartak”, 1986 yildan  “Paxtakor” nomi ostida 2- liga deb nomlangan O‘zbekiston chempionati o‘yinlarida qatnashgan.  Jamoa 1991 yildan “Navro‘z”, 1997 yildan esa “Andijon” nomi ostida faoliyat yuritib kelmoqda.

F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA