Andijon viloyatida turizmni, ayniqsa, ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 30 apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Ichki turizmni rivojlantirish doirasida “Buyuk ipak yo‘li” bo‘ylab viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 583 ta xizmat va servis ob’ektlari ishga tushirildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Maksumov. – Bundan tashqari, sayyohlarga qulaylik yaratish, viloyat bo‘ylab qulay jamoat transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida o‘tgan yili Xitoy davlatidan 66 dona zamonaviy avtobus va 15 dona mikroavtobuslar olib kelindi. Ular asosan turizm yo‘nalishlariga qo‘yildi. O‘tgan yili viloyatda 9 ta turizm yo‘nalishi bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 15 taga yetdi. 5 ta etnoturizmga moslashgan yangi yo‘nalishlar ishlab chiqildi. Ana shu ishlar samarasi o‘laroq, yil boshidan buyon Andijon viloyatiga 920 ming nafardan ziyod sayyohlar tashrif buyurdi. 450 ming nafardan ziyod andijonliklar respublikamizning turli hududlari bo‘ylab sayohat qildi.
O‘zbekiston bo‘ylab ichki turizm dasturi doirasida “Manguberdi vataniga sayohat qil”, “Oilaviy sayohat” ichki sayohat dasturlari orqali 922 ming 400 nafar o‘quvchi, talaba, pensionerlar, korxona, tashkilot, muassasa xodimlari, shuningdek, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarni yurtimizning tarixiy shaharlari, ziyoratgohlari hamda diqqatga sazovor joylariga sayohatini tashkil etish bo‘yicha reja-grafik ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra sayohatlar tashkil etilmoqda. Andijon tajribasi sifatida o‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilgan hamda doimiy ravishda piyoda yurishni tashkil etgan eng namunali mahalla raislari va aholisini Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga 4 kunlik sayohatga yuborish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar 2 mingdan ortiq mahalla faollari sayohatda bo‘lib qaytdi. Bundan tashqari, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatiga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegayli tumanida 200 nafardan ortiq viloyat aholisi safarda bo‘lib qaytdi. Kegaylilik 450 nafardan ortiq ayollar, nuroniy va yoshlar viloyatimizda sayohatda bo‘ldi.
[gallery-8215]
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, joriy yil Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan “Boysun bahori” Xalqaro festivalida Andijon viloyatidan 200 dan ortiq sayyoh ishtirok etgan.
Viloyatda ziyorat turizmi ko‘lami ham yildan yilga ortib bormoqda. Bugun Andijon shahridagi “Mirpo‘stin ota”, Jalaquduq tumanidagi “Kutayba ibn Muslim”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bibi seshanba”, Xonobod shahridagi “Fozilmon ota”, Paxtaobod tumanidagi “Xovaskon ota”, Xo‘jaobod tumanidagi “Imomota”, Baliqchi tumanidagi “Uch buloq”, “Tuzluq momo”, Andijon tumanidagi “Mehmoni Valiy” ziyoratgohlari ziyoratchilar bilan gavjum maskanlarga aylangan. Ana shu va boshqa ko‘plab ziyoratgohlarda ziyoratchi va dam oluvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Yaqinda do‘stlarim bilan Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Bibi seshanba” ziyoratgohida bo‘lib qaytdik, – deydi mehnat faxriysi Ilhomjon Qurolov. – Ziyoratgohda o‘n yillar avval bo‘lgandim. Bugun ziyoratgohning qiyofasi butunlay o‘zgargan, katta hajmdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi. Ayniqsa, ziyoratgohda kelib-ketuvchilarga yaratilgan sharoitlardan behad xursand bo‘ldik. Yurtdoshlarimiz, kattayu kichik ana shunday ziyoratgohlarga tez-tez borib turishlari kerak. Bu bizga o‘zligimizni unutmaslikka, tarixiy, diniy qadriyatlarimizni ulug‘lashga, ma’naviyatimizni, ruhiyatimizni boyishiga yordam beradi.
Umuman, viloyatda ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi yangi yangi xizmat va servis ob’ektlari ishga tushirildi, 167 ta sanitariya-gigiyena shoxobchalari tashkil etildi, mavjudlari qayta ta’mirlandi hamda zamonaviy 15 dona biohojatxonalar qurildi. Bundan tashqari, sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida viloyat bo‘ylab qulay jamoat transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatga o‘tgan yili 300 ming nafar mahalliy turistlar kelgan bo‘lsa, joriy yilda ichki turizm bo‘yicha keluvchilar sonini 450 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun hozirda 510 o‘rinli 5 ta mehmonxona, 30 ta mehmon uyi tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun turizm infratuzilmasini yaxshilash, turizm ob’ektlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, keyingi besh yilda viloyatda mehmonxonalar soni 10 tadan 22 taga, turoperator soni 9 tadan 46 taga ko‘paydi. Shuningdek, viloyatda 69 ta mehmon uyi, 10 ta xostel tashkil etildi.
Viloyatga tashrif buyuruvchi sayyohlar sonini oshirish, xizmat ko‘rsatish turlarini ko‘paytirish maqsadida Andijon shahrida “haftasiga 7 kun, 24 soat” rejimida ishlovchi “Turizm ko‘chasi” tashkil etildi. Loyihaga ko‘ra, mazkur ko‘chada yangi turizm ob’ektlari, turizm xizmatlari, hunarmandchilik savdo nuqtalari, pul ayriboshlash shoxobchalari, “street art” va “street music” xizmatlari tashkil etildi.
Ayniqsa, Xonobod shahrida turizmni rivojlantirish, Xonobodni Farg‘ona vodiysining turizm markaziga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Layf Xonobod” investitsiya va turistik loyihasining birinchi bosqichida "Voter Layf Mineral" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qadoqlangan mineral suv ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. “Fozilmon ota” ziyoratgohida sayyoh va ziyoratchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, Kampirravot mahallasida bo‘sh turgan 66 gektar maydonda umumiy qiymati 35 million dollarga teng loyiha doirasida “Sun’iy ko‘l”, dam olish va ko‘ngilochar maskanlar, shuningdek, oilaviy mehmon uy, ekoturistik maskanlar barpo etish bo‘yicha ishlar avjida. Ushbu loyiha 800 o‘rinli xostel va boshqa joylashtirish vositalari, 250 o‘rinli ovqatlanish shaxobchalari, 2 ming o‘rinli ko‘ngilochar xizmatlar va 500 o‘rinli boshqa servis xizmatlari ko‘rsatuvchi ob’ektlarni o‘z ichiga oladi.
Xonobod shahrida joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 10 ga yaqin dam olish maskanlari foydalanishga topshirildi. Umuman, turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijasida Xonobodda yiliga 1,8 million nafar sayyohning dam olishi uchun imkoniyatlar yaratiladi. Andijon shahrida esa “Ekopark” tashkil etildi. Shahardagi A.Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘i qayta rekonstruksiya qilinib, sayilgohga aylantirildi. Shuningdek, Bo‘ston tumanidagi O‘rmon xo‘jaligi hududida 6,5 gektar maydonda ekoturizmni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlar tomonidan “mehmon uylari”, o‘tov va dam olish maskanlari tashkil etilmoqda.
Muxtasar aytganda, joriy yil yakuniga qadar viloyatda turizm yo‘nalishida umumiy qiymati 392 milliard so‘mga teng 44 ta yangi loyiha ishga tushiriladi, 1 ming 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA